Xitoy Shinjon uyg‘urlariga ro‘za tutishni ta‘qiqladi

Image caption Pekindagi masjidda iftorlikka tayyorgarlik

Xitoyning chekka g‘arbiy mintaqasi Shinjonda mahalliy hukumat tomonidan etnik uyg‘ur bo‘lgan musulmonlarning Ramazon oyida ro‘za tutishlari ta‘qiqlangan.

Rasmiylarga ko‘ra, davlat xizmatchilarining ro‘za tutishi va boshqa diniy marosimlarda ishtirok etishi mumkin emas.

Hukumatning bunday qarori mintaqada sodir etilgan qator hujumlar orqasidan xavfsizlik choralarining o‘ta kuchaytirilgan manzarasida yuz bermoqda.

Xitoy hukumati barcha hujumlarda musulmon bo‘lginchilarni mas‘ul deb biladi, uyg‘ur rahbarlari esa bu da‘volarni inkor etadilar.

Faollar rasmiy Pekinni Uyg‘urlarga qarshi amalga oshirilayotgan diniy va madaniy qatag‘onni oqlash uchun Uyg‘ur bo‘lginchilari tomonidan xatarni o‘ta bo‘rttirib ko‘rsatishda ayblaganlar.

Taranglikning ortishi

Universitet saytlari ro‘zaga ta‘qiq partiya a‘zolari, o‘qituvchilar va talabalarga nisbatan qo‘llanishini ma‘lum qilgan.

Bir tashkilot websahifasida yozilishicha, davlat korxonalari xodimlari ro‘z tutish kabi diniy ibodat amallarini bajarishlari mumkin emas.

Sinxua davlat agentligiga ko‘ra, ro‘za tutishga cheklovlar hukumatning yuqori idoralari ko‘rsatmalari asosida kiritilgan.

Pekindagi BBC muxbirining aytishicha, Xitoyning Shinjonida ramazon oyida ro‘za tutish birinchi marotaba cheklanayotgani yo‘q.

Tabiiy zahirlarga boy mintaqa Shinjon aholisining aksari musulmon uyg‘urlar.

Muxbirimizga ko‘ra, oxirgi vaqtlarda mintaqada uyushtirilgan qator hujumlarda rasmiy Pekin uyg‘urlarni aylab kelar ekan, bu galgi cheklov ular tomonidan diniy erkinliklariga yangi daxl sifatida ko‘rilishi va tanglikni yanada oshirishi mumkin.

O‘z xodimlariga ro‘za tutishni taqiqlagan tashkilotlar orasida tijorat ishlari bo‘yicha vazirlik bo‘limi va ob-havo byurosi bor.

Davlat qaramog‘idagi kasalxonalardan biri ham musulmon xodimlarini ro‘za tutmasliklari haqida tilxat yozib berishlarini talab qilgan.

Shuningdek, davlat matbuotida ro‘za tutish va ochlikning sog‘liqqa salbiy ta‘siri haqida maqolalar chop etilmoqda.

Ko‘plab uyg‘urlarning aytishlaricha, aynan ularning madaniy va diniy qadriyatlarining oyoq osti qilinishi mintaqadagi beqarorlik va Xitoyning boshqa yerlaridagi hujumlarni keltirib chiqarmoqda.

Lekin Pekin bu hujumlar ortida Shinjonda mustaqil davlat tashkil etish ilinjida bo‘lgan xorijiy tashkilotlar turishibdi, degan fikrda.

O‘tgan oyda politsiya idorasiga hujum ortidan 13 uyg‘ur o‘ldirilgan edi.

Shinjondagi uyg‘urlar

Uyg‘urlar etnik turkiy tilli musulmonlardir.

Ular mintaqa aholisining 45 foizini tashkil qilishadi. 40 foizi Xitoy xanlariga tegishli.

Xitoy Sharqiy Turkistonni bosib olish orqali 1949 yilda mintaqada nazorat o‘rnatgan.

O‘shandan buyon Shinjonga Xitoy xanlarini ko‘chirib keltirish davom etmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002