"O‘zbek hukumati qolgan mustaqil jurnalistlarni qo‘rqitmoqchi"

Image caption Sid Yanishevning video-intervyularida toshkentliklar hukumat ularga tovon to‘lamaganidan shikoyat qilganlar

"Chegara bilmas muxbirlar" chop qilgan bayonotda aytilishicha, O‘zbekiston hukumati jurnalist Sid Yanishevga yirik jarima solish bilan qolgan mustaqil jurnalistlarni qo‘rqitmoqchi bo‘layapti.

O‘tgan hafta Toshkentning Shayxontohur tuman mahkamasida Sid Yanishev taxallusi bilan faoliyat yurituvchi taniqli mustaqil jurnalist Said Abdurahimov "akkreditatsiyasiz ishlash" va "ijtimoiy tartibga tahdid solish"da aybdor deb topilgan.

Sid Yanishevning sud ortidan BBCga aytishicha, hakam unga uch ming dollar miqdorida jarima belgilagan va video kamerasini musodara qilish haqida qaror chiqargan.

Mahkama qaroriga Yanishevning Toshkent markazida buzilayotgan uylar egalarining roziligisiz amalga oshirilgani va ularga hech qanday tovon puli berilmayotgani haqidagi maqolasi sabab bo‘lgan.

"Bu tomoshaning fojeali tarafi shuki, adliya tizimi huquqlari toptalgan fuqarolarni himoya qilishdan ko‘ra, hukumatni himoya qilishni va uning buyruqlariga bo‘ysunishni afzal ko‘radi", - deb aytdi "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining Sharqiy Ovro‘po va Markaziy Osiyo bo‘limi rahbari Yohan Bor.

"Bu mahkama qarori, barcha muammolarga qaramay, O‘zbekistonda qolib ishlayotgan qolgan sanoqli jurnalistlarga qaratilgan yangi ogohlantirishdir. Biz mahkamalardan O‘zbekiston konstitutsiyasi va O‘zbekiston imzo chekkan kelishuvlarga xilof bo‘lgan bu adolatsiz qarorni bekor qilishlarini so‘raymiz", - deya qo‘shimcha qildi u.

O‘zbekistonning milliy jurnalistlar kunida o‘tkazilgan mahkamada Sid Yanishevni himoya qilish uchun yollangan ikki davlat advokati uni himoya qilishga urinmaganlar. Bayonotda aytilishicha, fuqarolar uchun ajratilgan kursilarda fuqarolar kiyimidagi Milliy Xavfsizlik Xizmati zobitlari o‘tirganlar.

"Chegara bilmas muxbirlar"ning matbuot erkinligi bo‘yicha chop qilgan ro‘yxatida O‘zbekiston bu yil 180ta mamlakat ichidan 166-o‘rinni egallagan.

Tashkilotga ko‘ra, davlat matbuoti butkul tsenzura ostida, sanoqli mustaqil jurnalistlar xorijda joylashgan Fergana, Uznyus, Radio Ozodlik va Jarayon xabar agentliklariga ishlaydilar.

O‘zbekiston qamoqxonalarida to‘qqiz nafar jurnalist o‘ta abgor holda saqlanmoqda. Ularning ba‘zilari 15 yildan oshiqki panjara ortida qolishmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer