Tojik ayollarini hijob kiyishga kim majbur qilmoqda?

Image copyright Getty

Tojikistonda oxirgi yillarda dinga qiziqish keskin o‘sgani kuzatildi.

Mamlakatda islomiylashtirish sur‘ati ayniqsa Dushanbe shahrida, mamlakat shimoli va janubidagi So‘g‘d hamda Xatlon viloyatlarida sezilarli. Bu yerda aksar ayollar va qizlar hijob yoki paranjida yurishadi.

Tog‘li Badaxshon va Rasht vodiysida ko‘proq milliy bosh kiyimi ro‘mol o‘rashni ma‘qul ko‘rishadi.

Paranji va uzun xalat Markaziy Osiyodagi ayollar uchun an‘anaviy libos hisoblanmaydi: Tojikistondagi aksariyat ayollar, ayniqsa qishloq joylarida har doim boshning yuqori qismini yopadigan ro‘mollar o‘rashgan.

Islomiy kuchlarning faollashidan hamisha xavotirda bo‘lgan hukumat mamlakatdagi o‘quv yurtlarida hijob o‘rashga ta‘qiq kiritgan. Lekin bu ayollarni tobora islomiy modaga amal qilishlaridan qaytara olmaydi.

Tojikiston hukumati qoshidagi Ayollar qo‘mitasi bir necha yil oldin o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, hijob o‘ragan ayollarning yarmidan ko‘prog‘i oilasini saqlab qolish maqsadida hijob o‘rashga majburliklarini aytganlar.

Biroq hijob Tojikistonda ish topishda jiddiy to‘siq bo‘lishi mumkin, boshqa tomondan esa e‘tiqodli musulmon sifatida tezroq turmushga chiqishga yordam beradi.

Hijob o‘rash yoki o‘ramaslik- bu savol Tojikistonda tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. Ko‘p ayollar o‘zlarining hijob o‘ramaganlari uchun tez-tez dashnomga uchrashlarini aytishadi.

Boshqalari esa yurtdoshlariga musulmon ayollar vazifalarini eslatib, Islom boshni o‘rab yurishga buyurganini ta‘kidlashadi.

Men ikki tojik ayoli bilan uchrashdim, biri hijob o‘raydi, boshqasi esa yo‘q. Men ulardan islomiylashtirish, majburiylik va tanlov huquqi haqida qanday fikrda ekanlarini so‘radim.

Zulfiya Sodiqova- taniqli tojik aktrisasi:

Mening erim ishlashimga hech qachon qarshi bo‘lmagan. Mening ijodiy, aktyorlik hayotim sovet davrida boshlangan. O‘sha vaqtlarda ijodiy kasblarga Tojikistonda alohida munosabatda bo‘linardi. Aktyorlarni hurmat qilishar, sevishardi. Rassom, aktyor, raqqosa bo‘lish juda nufuzli edi.

Turmushga chiqqanimdan so‘ng men bir qancha vaqt barcha tojik kelinchaklari kabi an‘anaviy tojik ro‘molini o‘rab yurdim. Bundan tashqari, qishloqlarda doim ro‘mol o‘rashardi. Va men bunga amal qilib, ro‘mol o‘raganman, lekin hech qachon hijob kiymaganman.

Hozir mamlakatda hijob kiygan ayollar juda ko‘p. Bunga mening munosabatim mushkul. Buning sabablarini tushuntirishga harakat qilaman.

To‘g‘risini aytsam, men ko‘chalarda hijobli ayollarning ko‘pligiga darrov ko‘nikib ketolmadim. Dastlabki yillar men ularni nima majbur qilishiga tushuna olmadim. Chunki Tojikistonda hech qachon hijob kiyishmagan. Albatta ro‘mol o‘rashgan, lekin yuzlarini to‘smaganlar. Hijob, paranji, niqoblar - bu bizning an‘anaviy kiyimlarimiz emas, bularning hammasi tashqi ta‘sirlar natijasi.

"Bu jarayon boshlanganda, men o‘tgan asr boshida paranjini tashlagani uchun o‘ldirilgan ko‘plab tojik ayollarini esladim. O‘sha davrda bu katta jasorat edi. Hozir yana ayollar ixtiyoriy ravishda o‘sha vaqtga qaytmoqdalar. Men aminmanki, ayollarning yuzlarini yopish odatiga qaytish ixtiyoriy va o‘ylangan qadam emas, majburiylikdir.

Yaqindan boshlab mening ikki qizim hijob o‘ray boshlashdi. Men ularning tanlovidan hayratlandim, lekin ular erkin tanlash huquqiga egalar. Qizlarim o‘qimishli, tushungan. Ular hijob o‘rashni xohlashdi, men buni quvvatlamasam-da, ularning tanlovlarini qabul qildim.

Biz dunyoviy davlatda yashaymiz, qonun hammaning huquqini himoya qiladi. Men o‘zimning hayotiy yo‘limni tanlashda asosiy sabab qo‘rquv, majburiylik, tahdid bo‘lishini xohlamayman. Har bir kishida tanlov bo‘lishi kerak.

Oysha Halimova, Dushanbe, 21 yosh:

Men uch yildan beri hijob kiyaman. Meni hech kim musulmonlarning bu bosh kiyimini o‘rashga majbur qilmagan. Erga tekkunimcha men hijob o‘ramasdim, turmushga chiqqanimdan so‘ng, xo‘jayinim men uni o‘rashimni xohlashini aytdi. Va men hijob o‘ray boshladim, chunki erning istagi- ayol uchun qonundir.

Maktabda men to‘qqizinchi sinfgacha o‘qiganman, undan keyin hech qayerni tugatmadim. Har kuni besh mahal namoz o‘qiyman. Ishlashimga erim ruxsat bermaydi. Agar ruxsat bersa, albatta ishlayman. Hijob o‘rash- har bir musulmon ayol uchun farz.

Onam yoshligida ro‘mol o‘ramagan, hozir esa o‘raydi. Hozir mening dugonalarim deyarli yo‘q. Hammalari turmushga chiqqan va uchrashishga imkon yo‘q. Ularning ko‘pchiligi to‘ydan keyin ro‘mol o‘ray boshlashdi.

Albatta har bir ayolda tanlov bo‘lishi kerakligiga qo‘shilaman. Lekin er nima desa, unga bo‘ysunish lozimdir. Erga quloq solish - Islomning talablaridan biri. Men hech qachon hijobni yechmayman, hatto Rossiyaga ishga ketgan erimning oldiga borganimda ham, uni o‘rashda davom etdim.

Moskvada ham, Tojikistonda ham menga yomon munosabat qilinganini sezmadim. Hech qanday bosim yo‘q.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.