"We Are One" yaxshiroqmi yo "La, La, La"? - Tohir Sodiqov bahosi

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Image copyright AFP

Kuni-kecha kolumbiyalik pop yulduzi Shakira Braziliyada bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionatiga bag‘ishlab, yangi videoklipini chiqararkan, ayni savol ustida bahslar ham qizimoqda.

Birinchilikning Shakira ijrosidagi madhiyasi "La, La, La", deb nomlanadi, klipida esa, manaman, degan jahon futboli yulduzlari turib berishadi.

Bir lavhada Lionel Messi kulib bersa, soniyama-soniya uning o‘rnini hali Sesk Fabregas, hali Neymar, buyog‘i Serxio Aguero va Radamel Falkaolar egallab turishadi.

Ustiga-ustak, Shakiraning yangi videoklipidan o‘zining fuqaroviy turmush o‘rtog‘i, ispaniyalik nomdor futbolchi Jerar Pike va ikkovlonning 16 oylik o‘g‘ilchasi Milan ham chetda qolmaydi.

Yaqindagina oshkor etilganiga qaramay, klip Youtube da allaqachon 200.000.000 ga yaqin foydalanuvchining e‘tiborini ham o‘ziga tortib ulgurgan.

Image copyright

2010 yilda esa, Shakira Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan so‘nggi jahon chempionatining rasmiy qo‘shig‘ini ijro etgan va "Waka Waka" ashulasi bilan ko‘pchilikning tiliga tushgandi.

Xabarlarga ko‘ra, Shakira o‘zining yangi ashulasi ham Braziliyada yarimlab qolgan jahon chempionatining rasmiy qo‘shig‘iga munosib "raqib" bo‘lishiga umid qilmoqda.

Bu yilgi jahon birinchiligining rasmiy qo‘shig‘i taniqli repper Pitbull, amerikalik mashhur xonanda Jennifer Lopes va mezbon braziliyalik nomdor qo‘shiqchi Klaudiya Leyttelar hamjo‘rligida ijro etilgandi.

Qo‘shiq "We Are One" (Ole Ola) deb nomlangan va hatto, erta ochilish marosimi degunga qadar Jennifer Lopes unga jo‘rovozlik qilib berarmikan, yo‘qmikan, degan xavotir bilan ko‘pchilikning e‘tiborini ham o‘ziga tortgandi.

Image copyright Getty

12 iyun kuni bo‘lib o‘tgan ochilish marosimi ortidan 2014 yilgi jahon chempionatining rasmiy qo‘shig‘iga berilgan baholar bir xil bo‘lmadi.

Ko‘pchilikning nazdida, "We Are One" (Ole Ola) bundan avvalgi jahon birinchiliklarining puerto-rikalik pop-yulduzi Riki Martin va yoki Shakiraning ijrosidagi rasmiy qo‘shiqlari bilan bellasha olmagan.

Har ikki qo‘shiqni tinglab ko‘rishi ortidan, o‘zbekistonlik estrada yulduzi Tohir Sodiqovning BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, "har ikki qo‘shiqning darajasi bir xil".

"Agar, aranjirovkachi sifatida baholaydigan bo‘lsam, har ikki qo‘shiq to‘g‘ri yozilgan. Ohanggi yengil, aytilishga oson. Hamma qo‘shilib, birga ijro etsa bo‘ladigan qo‘shiqlar. Nazarimda, har ikki qo‘shiqning darajasi bir xil. Vokal tarafdan judayam yaxshi, Sony Records da yozilgan, shunday ekan, chiroyli bo‘lishi ham kerak, deb o‘ylayman. Lekin, shunda ham, judayam qat‘iy me‘yorlarga solingan buyurtma bu. Chunki futbol uchun, ochilish marosimi uchun shunaqa jihatlari bo‘lishi kerak. Bu doiradan chiqib keta olmaysiz", - deydi u.

O‘z o‘rnida, suhbatdoshimiz ovozini yoqtirgani bois, oddiy inson sifatida o‘ziga ko‘proq Shakiraning ijrosidagi "La, La, La" qo‘shig‘i ma‘qul tushganini ham yashirmaydi.

Image copyright AFP

Uning aytishicha, yulduzi Karim Benzema sabab, bu yilgi jahon chempionatida shaxsan o‘zi Frantsiya milliy terma jamoasiga ishqibozlik qilmoqda va bo‘lib o‘tgan shuncha uchrashuvlar bilan taqqoslanganda ham, aynan frantsuzlarning o‘yiniga tan bermoqda.

"Albatta, barcha uchrashuvlarni ko‘rolmayman. Lekin o‘zimga yoqqan jamoalarning o‘yinini do‘stlar davrasida tomosha qilaman. Uyda bo‘lmaydi. Chunki oilam va qizlarimni hech futbolga qiziqtira olmadim", - derkan, suhbatdoshimiz kuladi.

Uning aytishicha, o‘zi tan bergan futbolchisi tufayli Frantsiyaga ishqibozlik qilayotgan bo‘lsa ham, jamoaning g‘alabasini xos tarzda nishonlash degan gaplar yo‘q.

"Agar, O‘zbekiston chiqqanida, shunaqa narsalar bo‘lishi mumkin edi. Janubiy Koreyaga yutqazib qo‘ymaganida, yaxshi bo‘lardi. Bir chiqsa, chipta necha pul tursa ham olib, o‘sha stadiongacha yetib borardim va O‘zbekistonning o‘yinini ko‘rgan bo‘lardim", - deydi o‘zbekistonlik estrada yulduzi.

Eng so‘nggida, suhbatdoshimizning bashorat qilishicha, bu yil Braziliya, Olmoniya va Frantsiyada jahon chempioni bo‘lish imkoniyati kattaroq.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002