Misrda Mursiyning 16 ming tarafdori qamoqda

Xalqaro Amnistiya tashkiloti Misrda inson haqlari ahvolidan xavotir bildirgan.

Amnesty International e‘lon qilgan murojaatda aytilishicha, Muhammad Mursiy ag‘darilgandan keyin o‘tgan bir yil ichida Misr hukumati uning kamida 16 ming tarafdorini hibsga olgan.

Qamoqda saqlanganlarning kamida 80 nafari qiynoqlar oqibatida hayotdan ko‘z yumishgan, deyiladi hujjatda.

Huquq faollari Misrdagi inson haqlari bilan bog‘liq vaziyat fojeali tarzda yomonlashganini aytganlar.

Image copyright AFP

97 foiz ovoz olgani aytilgan Sisi prezidentlikda ekan misrliklar o‘zlarining muammolari qanday yechilishiga qiziqmoqdalar.

Lekin hokimiyatga kelganiga aslini olganda qariyb ikki yil bo‘lgan Sisi shaxsi haqida va uning Misrni qanday boshqarishi rejalari haqida hali ko‘p narsa ma‘lum emas.

"Misrlik zolim" maslahatchisi

Image copyright Reuters

Britaniyaning Daily Mail nashri sobiq feldmarshal Sisini "misrlik zolim" sifatida tasvirlagan.

Gazetadagi maqolada keltirilishicha, general Sisi Mursiyni ag‘darib hokimiyatga ega bo‘lgach, uning rejimi norozilik namoyishlarining 2500 dan ortiq qatnashchisini o‘ldirgan, 20 mingdan ortig‘ini qamoqqa tiqqan.

Shu bilan birga Daily Mail Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bleyrning yangi vazifasini ham eslatib o‘tadi.

Toni Bleyr harbiy to‘ntarish orqasidan hokimiyatga kelgan Abdul Fattoh Sisining maslahatchisi, deydi gazeta. Va Bleyr janoblari Misrning ilk bor demokratik saylangan prezidenti Mursiyni ag‘dargan harbiy to‘ntarishni omma oldida quvvatladi, deb qayd etadi Daily Mail.

Times nashrining aniqlashicha, sobiq bosh vazir prezident Sisi bilan Birlashgan Arab Amirliklari nomidan va puli orqali norasmiy ravishda hamkorlik qiladi.

"Bleyr Sisiga o‘z shaxsiy imidjini paydo qilish va xalqaro investorlar ishonchini tiklash bo‘yicha maslahatlar beradi", deb yozadi gazeta.

Biroq Bleyr vakillari u o‘z maslahatlari uchun Misr prezidentidan bir tiyin ham olmasligini iddao qilgan.

Timesga ko‘ra, Bleyr hozirgacha Yaqin Sharqda vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha maxsus elchi sifatida qolmoqda.

O‘tgan haftada Yaqin Sharqdagi sobiq Britan elchilari Bleyrni BMT, YeI, AQSh va Rossiya manfaatlarini namoyon qiluvchi maxsus elchilikdan bo‘shatish haqida ochiq xat yozishgan.

Toni Bleyr Sisining "seriy kardinal"iga aylandi, u Amirliklar to‘laydigan pullar evaziga islomiylarga qarshi kurashmoqda. Sobiq bosh vazirning Sisi bilan hamkorligi "nafaqat uning o‘ziga, butun leyboristlar obro‘siga putur yetkazadi", deb aytadi Guardian gazetiga Bleyrning safdoshlaridan biri.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002