Ehtiyot bo‘ling, quduq!

Image copyright none
Image caption Qopqoqsiz quduqdan chiqarib qo‘yilgan oyoqlardan oddiy odamlar minnatdor

Qozog‘istonlik ijodkorlar Olma-Ota shahridagi qopqoqsiz kanalizatsiya quduqlaridan odamlarni ogohlantirishning o‘ziga xos yo‘lini o‘ylab topishdi.

Ular shahardagi o‘nta qopqoqsiz quduqdan go‘yo qulab tushgan odamning yasama oyoqlarini chiqarib qo‘yishdi.

Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi ko‘chalarning o‘ziga xos jihatlari - chiroqsiz ko‘chalar, o‘ydim-chuqur yo‘llar va qopqoqsiz kanalizatsiya quduqlari.

Davlatlar ko‘chalarda elektr ta‘minotini yo‘lga qo‘ya olishmaydi, hokimiyatlar yo‘llarni tuzatmaydi va kambag‘allashgan fuqarolar quduqlarning qimmat qopqoqlarini o‘g‘irlashadi.

Ammo bularning hammasi bir bo‘lib, inson hayotiga xavf soladi. Qorong‘uda ko‘rmasdan kanalizatsiya qudug‘iga tushib ketishdek bir fojeani o‘ylab ko‘ring...

Zotan bu kabi fojealar o‘tgan yillar davomida Rossiyada ham, Ukraina va O‘zbekistonda ham sodir bo‘lgan. Ba‘zida insonlar jarohat olishgan, ba‘zida voqea o‘lim bilan tugagan.

Iqtisodiy muvaffaqiyatlari bilan maqtanadigan Qozog‘iston ham negadir qopqoqsiz kanalizatsiya quduqlarini yopishga kelganda oqsamoqda.

Shu bois ijodkorlar ko‘chada piyoda yurmaydigan mutasaddi rahbarlar ko‘rmagan quduqlarni ko‘rsatish uchun o‘z iste‘dodlarini ishga solishgan.

Ular xuddi odamnikidek o‘lchamda ikkita oyoqni yasashganda, unga paypoq kiygizib, qopqoqsiz quduqlardan chiqarib qo‘yishgan.

"Biz muammoni ko‘rsatdik" - deydi ijodkorlardan biri - "Piyodalar haligi rostmanadek yasama oyoqlarni ko‘rib, quduqni aylanib o‘tishmoqda".

"Bu bir tarafdan odamlarni ogohlantirsa, ikkinchi tarafdan muammoga rahbarlar e‘tiborini jalb etadi".

Archasevar O‘zbekiston

Image copyright none
Image caption O‘zbekistonda soyali daraxtlar kesilib, o‘rniga archa ekilayotganini ko‘rsatgan ko‘rgazma rasmiylarga yoqmagandi

Qozog‘iston mutasaddilari endi quduqlarni qopqoq bilan yopishadimi yoki ijodkorlarni izlab topib, jazolashga tushib ketishadimi - noma‘lum.

Chunki qo‘shni O‘zbekiston shaharlarida soyali daraxtlar kesilib, o‘rniga iqlimga to‘g‘ri kelsa-kelmasa suvtalab archa ekila boshlangani ham o‘zbekistonlik ijodkorlar e‘tiborini tortgandi.

Toshkentning eski mahallasida ular "Archa - mening sevimli daraxtim" mavzuida ko‘rgazma o‘tkazishgandi.

Biroq O‘zbekiston rahbarlari archa iqlimga mosmi yoki bu ijodkorlar nega bunday fikrdalar, deb o‘rganish o‘rniga, ko‘rgazma tashkilotchilarini izlab, jazolashga harakat qilishgani aytiladi.

Bugun esa O‘zbekistonning ovloq qishloqlarida ham, qiyqiragan kimsasiz yo‘lning o‘rtasida ham ommaviy tarzda archalar ekilmoqda. Lekin ularning ko‘pi iqlimga to‘g‘ri kelmagani bois qurib qolmoqda.

Rasmiylar esa ba‘zida archalar ustida bo‘zdan maxsus soyabonlar qilishmoqda, ba‘zida esa sarg‘aygan barglariga qimmat kimyoviy bo‘yoq purkashmoqda.

Oddiy o‘zbeklar esa yozda havo harorati 45 darajaga qadar chiqib ketadigan O‘zbekistondek mamlakat rahbarlari nega ommaviy tarzda faqat o‘z ichkarisiga soya tashlaydigan archa daraxtini ekishga tushib ketishganini tushunmasdan hayronlar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002