"Rekordlar mamlakati"dan maktub

Image caption Ravshan Ermatovning rekordi bahona...

Assalom alaykum hurmatli tahririyat! Bizning men sizlarga rekordlar mamlakatidan maktub yo‘llayapman. Oxirgi ikki rekord o‘tgan hordiq kunlari ma‘lum bo‘ldi, va avvalo aytib qo‘yayki, "rekordlar" mamlakati deganimda ham ijobiy ham anchayin kesatiq ma‘no bor. Ijobiysi dunyoning nigohi qadalgan Braziliyadagi jahon chempionatida sevimli o‘zbek hakami Ravshan Ermatovning eng ko‘p hakamlik qilish bo‘yicha rekordni yangilagani bo‘ldi. Bundan albatta, boshimiz osmonda.

Bir tomondan Ermatovning yutug‘i hammaning og‘zida bo‘lsa, ikkinchi tomondan O‘zbekistonda shakarning narxi yangi rekord o‘rnatgani ham tinimsiz gapirilmoqda. Ayrim viloyat va tumanlarda bir kilo shakar narxi 7500 so‘mga chiqdi. Bu peshtaxtalarda aniq ko‘rsatilib qo‘yilgan narx, uzoqroq va chetroq joylarda peshtaxta ostidan talabga qarab 8-9 mingga ham sotilayotgan emish.

Bozor va do‘konlarda shakarga navbat turganlar soni bo‘yicha ham rekord o‘rnatildi. Bir paytning o‘zida jonli navbatda turganlarning soni 900dan ming kishiga qadar yetmoqda. O‘tgan hafta bu ko‘rsatkich, 700-800 kishi atrofida edi.

Shakar "balosi"ga aralashib qolishimga sabab qishloqdan akam telefon qilib qoldi. Mevalari achib ketayotgan emish, hali biror bonka murabbo qila olishmabdi. Toshkentda shakar arzon emish, o‘n kilo berib yubor deb iltimos qildi. Ishxonamizda rahbarimiz juda qattiqqo‘l bo‘lganidan bozorga borib kun bo‘yi navbatga turishga vaqtim yo‘qligini ro‘kach qildim. Jiyanimni yuboring, ikki kun men bilan ijaragohda turib biror 15 kilo shakar g‘amlab oladi, dedim.

Akamning fig‘oni falakka chiqdi, jiyanim o‘n yettiga to‘ldi, lekin hali pasport ololmabdi, pasport stolidagi navbat shakar navbatidan ham uzun emish. Ana sizga yana yangi rekord. Pasportsiz poytaxtga kelib bo‘larmidi?

Image copyright none
Image caption "Senga ham berishadi, menga ham berishadi..."

Shakar dardiga giriftor bo‘lganimdan to‘ppa-to‘g‘ri bozorga bordim, yo‘lma-yo‘l katta supermarketlarning eshigida tagida shakarga navbatga turgan olomonga ko‘zim tushdi, lekin chamalay olmadim, necha kishi turganini. Supermarketlarda shakar narxi 3200 so‘m. Bozorda nazoratchilar va militsiya qurshovida sotilayotgan shakar 2800 so‘m, kishi boshiga besh kilo.

Bu yerda odamlar so‘kinish va kim baland baqirish bo‘yicha yangi rekordlar o‘rnatmoqda. Hamma baqiradi va so‘kinadi, dod solganlar qancha. Olomon tirband bo‘lib, peshtaxtaga yaqinlashilgan sari baqir-chaqir shu qadar kuchayadiki, quloqlar tom bitadi. Tungi soat 3.00dan navbatga kelib turganlar birovni oldinga o‘tkazib yubormaslik uchun tomog‘i yirtilguncha qichqiradi, yoqalashadi. Militsiya xodimlaridan biri olomonni tartibga solish zo‘r berib baqiradi, biroq hech kim quloq solmaydi. Keyin u shakar sotilayotgan peshtaxta ustiga chiqib, tunuka tomiga qo‘lidagi taxta bilan tinimsiz daranglatib soladi. Qani unga biroq quloq tutsa.

"Olsam shakarni pulimga olyapman, senlardan sadaqa so‘rayapmanmi!?" deb baqiradi qo‘lida bola yetaklagan ayol norg‘ul sotuvchi yigitlarning do‘q-po‘pisasiga javoban. "Ha yer yutkurlar! Shakar bahona senlar ham songa qo‘shilib, odamlarga do‘q qiladigan bo‘ldingmi!?" deb baqiradi yana birov sotuvchilarning sekin harakati va zardali muomalasiga javoban. Agar ovoz balandligini o‘lchovli qurilma bo‘lsa, albatta, yangi rekordlarni qayd qilish mumkin bo‘lardi.

Navbatning oxirrog‘ida ham shovqin, bu yerda ham dod-voy, lekin biroz sustroq. Odamlar peshtaxtaga yetib olish uchun kuch saqlamoqda. Bir keksa yoshli onaxon ham ora sira baqirib qo‘yadi, lekin ovozini hech kim eshitmaydi. "Nega baqiryapsiz?" deb so‘radim yoniga borib. "Bilmadim bolam, hamma baqiryapti, men ham baqirib turibman. Lekin baqirganimdan keyin yengil tortyapman", deydi onaxon kulimsirab.

Janjalning kuchayishiga kun bo‘yi besh-olti marta qayta navbatga turib, olgan shakarini keyin uzoqroq do‘konlarda qimmatga yashirin sotish uchun turgan yigitlar sabab bo‘ladi. Ularning mushugini hech kim pisht demaydi, militsiya xodimlari ham ularni kun bo‘yi shakar sotib olishini biladi, lekin miq eta olmaydi. Ularning boshqa ishi bor...

Nazarimda, militsiya xodimlari havaskor suratkash va videokashlarni ushlash bo‘yicha rekord o‘rnatayotgan bo‘lsa kerak. Mening ko‘zim oldida bir yigitni ushlab, qo‘llarini ortiga qayirib militsiyaxonaga olib ketishdi. U yigit olomonni telefoniga videoga olayotgan ekan. Oradan o‘n besh minut o‘tmay, yana bir yoshroq yigitni tappa yerga yotqizib, titkilashni boshlashdi. Bechora yigit olomonni bu chetida turib, nariga chetida turgan o‘rtog‘iga qo‘lini ko‘targan ekan xolos. Qo‘lida esa telefoni bo‘lgan ekan. Yaxshiyamki telefoni eski, videokamerasi yo‘q bo‘lib chiqdi, uni shu yerning o‘zida qo‘yib yuborishdi. Kun bo‘yi necha havaskor suratkash qo‘lga tushdi, bilish qiyin, bu shov-shuvda hamma o‘zi bilan ovora.

Xullas, bu rekordlarni qayd qilishga ulgurib ham bo‘lmaydi. O‘tgan oy shakar haqida saytlaringizda o‘qigan edim, shu sabab, balki mening kuzatuvlarimni ham chop etarsizlar va qolaversa bunday rekordlarni qayd qilib borarsizlar degan niyatda ushbu maktubni bitdim.

Muxlisingiz.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002