O‘zbekistonlik hakam Ravshan Ermatov jahon rekordini o‘rnatdi

Braziliyada bo‘lib o‘tayotgan futbol bo‘yicha jahon chempionatida o‘zbekistonlik hakam Ravshan Ermatov boshqargan o‘yinlari hisobida jahon rekordini o‘rnatdi.

Chorak finalning Hollandiya va Kosta Rika jamoalari o‘yini hakamligi Ermatov uchun jahon kubogi uchun bellashuvlarda to‘qqizinchisi bo‘ldi.

Bundan oldingi jahon rekordlari sakkiz o‘yinni boshqarishga muvaffaq bo‘lgan uch referi- frantsuz Joel Kinyu, meksikalik Benito Archundii va urugvaylik Xorxe Larriondaga tegishli.

O‘zbekistonlik hakamga 2010 yil Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan jahon birinchiligida besh o‘yin ishonib topshirilgan, jumladan Ravshan Hollandiya va Urugvay jamoalari yarim final o‘yinini boshqargan edi.

Bu yilgi jahon chempionatida Ravshan Ermatov to‘rt o‘yinga hakamlik qildi.

Bundan oldin u Shveytsariya - Ekvador, Xorvatiya - Meksika va AQSh - Olmoniya o‘yinlarini olib bordi.

Jahon ommaviy axborot vositalari o‘zbek hakamining yangi rekordi to‘g‘risida xabarlar tarqatdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ham o‘zbek Ravshan Ermatov Holland-Kosta Rika o‘yinini qanday boshqargani va uning o‘rnatgan rekordi qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Internet foydalanuvchilar O‘zbek o‘g‘lonining jahon miqyosida erishgan yutuqlaridan faxrlanganlar, Ermatov sharafiga samimiy tilaklarini izhor qilganlar.

Ravshan Ermatov guruhida u bilan birga yordamchilari o‘zbekistonlik Abduhamidullo Rasulov va qirg‘izistonlik Bahodir Qo‘chqorovlar ham o‘yinni kuzatishdi.

Xabarlarga qaraganda, Ravshan Ermatov yarim final yoki final o‘yinlaridan birida qatnashishi mumkin.

Bundan oldin Xalqaro Futbol federatsiyasi Ravshan Ermatovni o‘tgan mavsumning eng yaxshi hakamlar o‘nligiga kiritgan.

Shuningdek, Ermatov O‘zbekistonning o‘zida sakkiz karra, Osiyoda to‘rt marta eng kuchli hakam deya tan olingan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Ravshan Ermatov jahon chempionatlaridan tashqari, London Yozgi Olimpiada O‘yinlari, Osiyo Futbol federatsiyasi musobaqalari va Osiyo Chempionlar ligasi final uchrashuvlarini boshqargan.

Hozirgina Londonga keldim, ovqatlangani bir joyga kirgan edim,to‘rt muhojir kechagi Golandiya-Kosta Rika o‘yini sudyasini iliq so‘zlar bilan gapirayotgan ekan. Bunday paytda Irmatovdek iqtidorli vatandoshimiz borligidan faxrlanib ketasan kishi. O‘zbekiston qahramonligi berilsa juda ajoyib bo‘lar edi.

>Otabek Toshev