"Axborot"ning isitmasi balandlaganmi?..

Image copyright bbc
Image caption "Axborot"dagilarda termometr yo‘qmi?

O‘zbekiston matbuotining rostgo‘ylik bobida... yumshoq qilib aytilsa "oqsashi" hech kim, tom ma‘noda hech kimga sir emas.

Ammo...shunda ham bu mamlakat ommaviy-axborot vositalarida "Axborot"ning axborotini shubha ostiga olish kamdan-kam ro‘y beradigan holat.

"Novy vek" gazetasi o‘quvchisi "O‘zbekiston" telekanalining "Axborot" informatsion dasturida beriladigan ob-havo ma‘lumotlarining to‘g‘riligiga shubha bildirgan.

Uning maktubi gazeta saytida e‘lon qilingan.

Gazeta o‘quvchisining yozishicha, sinoptiklar 1 iyul kuni "29-30 iyun kunlari Toshkent-da kunlik o‘rtacha ob-havo harorati 32,9 daraja issiq bo‘lgani, bu ko‘p yillik kuzatuvlar natijasidan besh daraja yuqori ekanligi, bu kunlardagi eng issiq harorat 1902 yilda qayd etilib, 41 daraja issiq bo‘lgani" haqida ma‘lumot berishgan.

"Albatta, bu ma‘lumotlar juda ham qiziqarli. Biroq aksariyat shaharliklarning uy termometrlari bor va qayd etilgan kunlarda ushbu qurilmalar soyada 45 daraja issiq ekanligini ko‘rsatib turgan", – deb yozadi "Novy vek" o‘quvchisi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Otchopar tomonidan Toshkentga kirib kelayotganlar termometrning simob ustuni Tselsiy bo‘yicha 50 daraja issiqda turganini ko‘rishgan. "Qiziq, sinoptiklar o‘rtacha havo haroratini qanday hisoblab chiqarishdi ekan?", – deb qiziqqan o‘quvchi.

Bu haqda Kun.uz websaytida yozilgan.

O‘zbekistonda rasmiy "Axborot" ma‘lumotigami yo termometrlar ko‘rsatkichiga ishonishini bilmayotganlar faqat "Novy vek" o‘quvchisi emas.

45 darajali jaziramada salqin joy qidirganlardan birining mulohazasiga ko‘ra: "Balki ayb "Axborot"da emasdir, ularga ma‘lumot yetkazib berayotgan ob-havoni o‘rganish xizmati mutaxassislaridadir?"

Lekin tahlilchilarning aytishlaricha, sobiq Sho‘rolar Ittifoqi davrida havo 43-45 daraja isib ketganda, uni ataylab pasaytirib aytishgan.

Chunki mamlakatning mavjud qonunlariga ko‘ra o‘ta issiq sharoitlarda ishchi-dehqonlarga dam berilgan, ishlashmagan.

"Men qo‘shni Afg‘onistonning o‘zbek tilidagi televideniyesi ko‘rsatuvlarini ko‘rib boraman", deydi o‘zbekistonliklardan biri. Uning aytishicha Surxondaryo bilan qo‘shni Afg‘oniston viloyatlarida ayni iyunning oxirgi kunlari kunduzi 47 darajagacha issiq bo‘lishi aytilgan.

"Balki Afg‘oniston sinoptiklari zamonaviy ob-havo tekshirish asboblaridan foydalanishayotgandir?" deya savol qo‘yadi bu kishi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002