Bagramdagi xudkushlik hujumi oqibatida 16 kishi halok bo‘lgan

Image copyright AFP

Afg‘onistondagi NATO havo bazasi atrofida xudkush hujumchi mototsiklini portlatishi oqibatida 16 inson halok bo‘lgan.

Ular orasida to‘rt NATO askari, ikki Afg‘on politsiyachisi va o‘n tinch fuqaro borligi xabar qilingan.

Bagram Afg‘onistondagi eng yirik harbiy bazasi, portlash bazaning shifo muassasasi oldida yuz bergan.

To‘rt askari halok bo‘lgani haqida Afg‘onistondagi ISAF qo‘shinlari bayonot tarqatgan.

Tolibon ommaviy axborot vositalariga yuborgan elektron maktubida hujum uchun mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olgan.

Ushbu hujum Afg‘onistondagi prezidentlik saylovi bois yangi inqiroz yuzaga chiqqan paytga to‘g‘ri kelgan.

7 iyul kuni Afg‘oniston Mustaqil Saylov komissiyasi prezidentlik saylovining ikkinchi bosqichi ilk natijalarini e‘lon qildi.

Ilk natijalarga ko‘ra Ashraf G‘ani Ahmadzay 56,44 foiz ovoz bilan oldinda bormoqda.

Kam ovoz to‘plagan nomzod Abdullo Abdullo tarafdorlari saylov natijalarini qabul qilmasliklarini aytganlar.

Doktor Abdullo ikkinchi bosqich saylovda ovozlar yappasiga qalbakilashtirilganini da‘vo qilmoqda.

Agar Ashraf G‘ani Ahmadzay to‘la g‘alaba qozongani e‘lon qilinsa, Abdullo Abdullo "parallel hukumat" tashkil qilishi aytilgan.

AQSh Afg‘onistonda saylov ortidan yuzaga kelgan vaziyatdan xavotir bildirgan.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri saylov natijalarini qabul qilmaslik mamlakatdagi xavfsizlik va Afg‘onistonga ko‘mak masalalariga salbiy ta‘sir qilishi ehtimolidan ogohlantirgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002