Xitoy shirkati "Transformerlar-4" film ijodkorlarini mahkamaga tortmoqchi

Image copyright AP

Xitoy ommaviy-axborot vositalari xabar tarqatishicha, Xitoydagi sayyohlik shirkati "Transformerlar" badiiy filmi ijodkorlarini shartnomani buzishda ayblagan va ularni mahkamaga berishga qaror qilgan.

Chongqing Wulong Karst Tourism shirkatiga ko‘ra, film ijodkorlari oldindan va‘da qilinganidek, shirkat logotipini filmning ko‘rinadigan joyiga qo‘ymaganlar.

Shirkat Paramount Pictures kinokompaniyasi va Paramount ning xitoylik sheriklaridan biri ustidan shikoyat qilmoqchi.

Paramount shirkati hozircha ushbu xabar borasida izoh bergani yo‘q.

Chongqing Wulong Karst Tourismga ko‘ra, nomi ko‘rsatilmagan zarar uchun sudlashmoqchi.

Shirkatning bildirishicha, "Transformerlar: Qiruv zamoni" filmida Vulongda tasvirga olingan sahnalar aynan shu yerda olingani tomoshabinlarga aniq ko‘rinmaydi, chunki sahnalar Hongkongda suratga tushirilgan sahnalar bilan to‘sib qo‘yilgan.

Xitoy rekordi

O‘tgan oyda, Pekin shahridagi mehmonxona xo‘jayini bo‘lgan ko‘chmas mulk shirkati ham Paramount ni mahkamaga tortish bilan tahdid qilib chiqqandi.

Mehmonxona xo‘jayiniga ko‘ra, Paramount va uning ikki xitoylik hamkori va‘da qilganlaridek, film treyleri, muqova va plakatlarda mehmonxona ko‘rinishini bermaganlar va film premerasini mehmonxonada o‘tkazish va‘dasida turmaganlar.

Bundan ko‘p o‘tmay, Paramount ushbu bahsli masalada bir to‘xtamga kelganlarini e‘lon qildi.

"Transformerlar" seriyasining to‘rtinchi filmi Xitoyda eng kassabop kinoga aylangan, deb yozadi "Hollywood Reporter".

Shu vaqt ichida filmning yiqqan daromadi 222,74 million AQSh dollarini tashkil qilib, Jeyms Kemeronning "Avatar" filmi o‘rnatgan rekord (221,9 million) dan oshib ketgan. U Xitoyda 2010 yil yanvarda chiqarilgan edi.

Oxirgi "Transformer"ning yutug‘i unda xitoylik aktyorlar Li Bingbing va Han Genglarning ishtiroki bilan yanada oshgan, shuningdek, filmga talluqli ko‘rinishlar turli Xitoy mahsulotlarini bezagan.

Kinotanqidchilarning salbiy fikrlariga qaramay, film Amerikada, ikkinchi haftadirki, eng kassabop asarlardan biri bo‘lib turibdi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002