Ravshan Ermatov final uchrashuvini boshqarishi mumkin

Image copyright Reuters

FIFA Braziliyada kechayotgan futbol bo‘yicha jahon chempionatining yakuniy to‘rt uchrashuvida ishlashi mumkin bo‘lgan hakamlar ro‘yxatini rasman tasdiqladi va undan o‘zbekistonlik nomdor hakam ham o‘rin olgan.

Ravshan Ermatov ro‘yxatda Osiyo qit‘asini namoyon etgan ikkita hakamdan biri bo‘ladi.

Osiyolik ikkinchi hakam esa, Yaponiya vakili Yuichi Nishimuradir.

Eslatib o‘tish joiz, Yuichi Nishimuraga bu yilgi jahon chempionatining mezbon Braziliya va Xorvatiya o‘rtasidagi ilk uchrashuvi ishonib topshirilgandi.

Ammo yaponiyalik hakamning Braziliya terma jamoasining g‘alabasi bilan yakunlangan o‘yinda qilgan hakamligi xorvatiyaliklarning keskin tanqidlari ostida qolib ketgandi.

FIFAning yakuniy ro‘yxatidan o‘rin olgan bu ikki osiyolik hakamga ham halicha futbol bo‘yicha jahon chempionatining final uchrashuvini boshqarish nasib etmagan.

Lekin, ta‘kidlab o‘tish joiz, Ravshan Ermatov Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan so‘nggi birinchilikda Gollandiya va Urugvay o‘rtasidagi yarim final uchrashuvida ishlagan.

Bu – o‘sha birinchilikda Ravshan Ermatov boshqargan beshta o‘yinning eng so‘nggisi bo‘lgandi.

Braziliyada bo‘lib o‘tayotgan bu yilgi jahon chempionatining yarim finaliga chiqqan to‘rt milliy terma jamoa orasida esa, biror bir Osiyo qit‘asi vakili yo‘q.

Image copyright AFP

Ularni ikki Ovro‘po: Olmoniya va Gollandiya hamda ikki Lotin Amerikasi: Braziliya va Argentinalar namoyon etishadi.

Bu esa, final uchrashuviga osiyolik hakam tayinlanishi ehtimolini yanada kuchaytiradi.

Chunki, agar, finalga Ovro‘po va Lotin Amerikasi vakili chiqqudek bo‘lsa, bu ikki qit‘adan bo‘lgan hakamlar o‘yinni boshqarishga haqli bo‘lishmaydi.

Shu o‘rinda eslatib o‘tish joiz, Braziliya – Olmoniya o‘rtasidagi dastlabki yarim final uchrashuviga allaqachon meksikalik Rodriges Moreno hakam etib tayinlangan.

FIFAning yakuniy ro‘yxatida esa, Braziliyadagi jahon chempionatida ishlagan 25 hakamlar uchligidan faqat 15 nafari qoldirilgan.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, xalqaro tashkilotning maxsus qo‘mitasi barcha hakamlar brigadasining shu paytgacha boshqargan o‘yinlarini kundalik asosda kuzatib, ularning jismoniy holatlari, salomatliklari va texnikalariga qarab, saralab olgan.

FIFA Hakamlar departamenti raisi Massimo Buzakka kecha dushanba kunidan boshlab Braziliyadan ortga safar tadorigiga kirishgan qolgan hakamlarga minnatdorchilik bildirishni ham unutmagan.

Image copyright Kevin C Cox Getty Images

Bu yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati hakamlarning faoliyati bilan bog‘liq mashmashalarga boy kechayotgan bir manzarada janob Buzakka ularning ishlaridan qoniqish hosil qilganini ham bayon qilgan.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, bu yilgi jahon chempionati o‘zbekistonlik nomdor hakam uchun allaqachon rekordlisi bo‘lib ulgurgan.

Ravshan Ermatov o‘zi ketma-ket butun sobiq Sho‘rolar Ittifoqini namoyon etgan ikki birinchilikda ja‘mi 9 ta o‘yinni boshqarib, yangi jahon rekordini o‘rnatgan.

Agar, unga bu yilgi jahon chempionatining yarim final yoki final uchrashuvi ishonib topshirilsa, Ermatov o‘zi o‘rnatgan rekordni shu yilning o‘zida yana bir bor yangilashga muvaffaq bo‘ladi.

Eng so‘nggida esa, FIFAning yakuniy ro‘yxatiga tushgan hakamlar bilan tanishing:

Afrika: Due (Fil Suyagi qirg‘og‘i), Aymudi (Jazoir)

KONKAKAF: Geyger (AQSh), Rodriges (Meksika)

KONMEBOL: Osses (Chili), Sandro Rissi (Braziliya), Karlos Vera (Ekvador)

Ovro‘po: Chaqir (Turkiya), Eriksson (Shvetsiya), Proensa (Portugaliya), Uebb (Angliya) va Karbalo (Ispaniya).

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002