O‘zbekiston: Masjidlarda tarovih namoziga o‘smirlar qo‘yilmayapti

Ramazan oyi O‘zbekistonda maktab va kollej o‘quvchilarining tarovih namozlariga qo‘yilmasligi bilan o‘tmoqda. BBC O‘zbekistonning bir necha viloyati bilan bog‘langanida ro‘zadorlar ushbu holatni tasdiqlashdi. O‘zbekistonda ro‘zadorlar bu yil 16,5 soat og‘zi yopiq holda yuradi.

Namangandan huquq faoli Nosir Zokir boshqalar qatori ro‘za tutgan. U ramazon oyida kechki xufton namozi vaqtida o‘qiladigan tarovih namozini o‘qish biroz qiyinchilik tug‘dirayotganini aytadi.

"Tarovih namozlarini kattalarga hech kim taqiqlagani yo‘q. Lekin kechki namoz o‘qiladigan masjid men turgan joyimdan 3 km tepada joylashgan. Mikrarayon hududida bitta masjid yo‘q. Mirobod degan joyda bor, 3-4 km chiqib namozni o‘qib tushushingiz kerak. Ilgari har bitta mahallada bittadan masjid bor edi. 3-4 domga bitta kichkina masjid to‘g‘ri kelgan, hozir hammasi yo‘q", - deydi Nosir aka.

Nosir Zokirning ta‘kidlashicha, Ramazon oyida Namangandagi holat bundan 10 yil oldingisi bilan keskin farq qiladi.

"Bundan 10-12 yilcha oldin Ro‘za vaqti choyxonalar bekilardi. Ko‘chada ro‘za tutmagan xasta va tutishni xohlamaganlarni ro‘zadorlarning oldida kavshanib yurganini ko‘rmasdingiz. Hozir choyxonalar ochiq. Odamlar ro‘zadorlarning oldida bemalol ovqatlanib, sigaret tutatib o‘tiraveradi", - deydi Nosir Zokir.

Huquq faoliga ko‘ra masjidlarga maktab va kollej o‘quvchilari kiritilmasligi bo‘yicha yuqoridan ko‘rsatma bo‘lganligi uchun tarovih namozlariga ham qo‘yilmayapti.

"Masjidlarga yoshlar kiritilmaydi. O‘zi Qur‘oni Karimda o‘g‘il bolalar 12 yoshdan, qizlarga 9 yoshdan namoz buyurilgan-ku. Ammo ma‘ruza qilishib, yoshlar o‘qishini o‘qisin, 18 yoshgacha masjidga kirgizmanglar deyishadi. Bu endi davlatning qonuni 18 yoshgacha kiritmaydi. Bolalaringizni olib kelmanglar, deydi. Olib kelsa chiqarib yuboradi", - deydi Nosir Zokir.

Toshkentdan mahalla faoli Abdurazzoq aka poytaxtda imomlar emas balki o‘quv yurti xodimlari o‘quvchilarni masjidga bormaslik haqida ogohlantirishini aytadi.

"Maktab va kollej o‘quvchilariga masjidga borish taqiqlangan. Masjiddagilar indashmaydi, lekin kollejdagilar chiqmanglar, bizga gap tegadi, deb aytishadi", - deydi Abdurazzoq aka.

Samarqanddan Holiqnazar G‘aniyev tarovih namozlari tungi 11 gacha o‘qilayotganini va masjidlarda maktab yoki kollej o‘quvchilari ko‘rinmayotganini bildirdi.

"O‘quvchilarga masjidga ruxsat yo‘q, degan gapni eshitamiz. Nafaqat tarovihga, balki umuman masjidga qo‘yilmayapti", - deydi Xoliqnazar G‘aniyev.

O‘zbekiston Musulmonlar Diniy idorasi rais o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur maktab va kollej o‘quvchilarining masjidlarga qo‘yilmayotgani haqidagi xabarni atroflicha o‘rganmasdan izoh bera olmasligini bildirdi.

"Bu masalalarga men fikr ayta olmayman, xabarim yo‘q. Bularni yaxshi o‘rganib gapirilmasa – bu nozik masala. Buni aniqlab to‘g‘risini gapirish kerak. Bu masalalar qaltis masala. Davlatning siyosatiga taaluqli masala. Shuning uchun men uni o‘rganayin. Namangandan sizlarga qo‘ng‘iroq qilmasdan, bizga aytishsa, biz hal qilamiz", - deydi Abdulaziz Mansur.

Xalqaro tashkilotlar va huquq himoyachilari O‘zbekistonda diniy erkinlik juda cheklangan, ko‘p minglab diniy mahbuslar qamoqlarda aybsiz holatda yotganini ta‘kidlashadi. Din va e‘tiqodni hukumat qattiq nazorat qilishi aytiladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002