"Mening mujohid o‘g‘lim"

Image copyright AP
Image caption Gurji mujohid

"Iroq va Shom Islomiy davlati" qo‘mondonlaridan biri Umar ash-Shishani hozir Yaqin Sharqdagi eng ashaddiy jihodchilardan biridir, biroq uning yoshligi mutlaq o‘zgacha o‘tgan.

Islomiy qo‘mondon Gruziyaning go‘zal Pankisi darasida tug‘ilgan va voyaga yetgan.

Vatanida uni Tarxon Batirashvili deb bilishadi.

Tarxan Birkiani qishlog‘ida yashagan. Uning nasroniy otasi hali ham o‘sha yerda kichik odmigina uyda istiqomat qiladi.

Suriya va Iroqdagi jihod Shishani uchun jang maydonidagi ilk tajriba emas.

U 2008 yil Rossiya bilan qisqa urush kechgan payti Gurjiston armiyasi safida xizmat qilgan.

Qurol­–yarog‘

Otasi Temur Batirashvilining aytishicha, o‘g‘li xastalikka chalingach, armiya safidan chiqariladi va o‘shandan hamma narsa teskari keta boshlaydi.

U ish topishga qiynaladi va uyiga o‘tkazilgan reyd payti hibs qilinadi.

"Bir kecha dahshatli ovozdan uyg‘onib ketdim – birov eshikni qattiq urardi. Bu politsiya edi. Eshik tagida yig‘ma kursi-karavot bo‘lardi, uni yonidan har kuni o‘tib–qaytardim", deya eslaydi Batirashvili.

"Politsiya meni chaqirib, kursi-karavot tagidan bir quti qurol–yarog‘ oldi va: "Nima bu?" deb so‘radi.

Men: "Bilmayman. U avval yo‘q edi bu yerda", dedim.

Xabar qilinishicha, Shishani qurol–yarog‘ saqlaganlikda ayblangan.

Ammo, otasining qo‘shimcha qilishicha, Shishani aybdor topilib, qamoqqa tashlanganidan so‘ng rostmana o‘zgargan.

Amnistiya tufayli ozod bo‘lgach, u Suriyaga yo‘l olgan.

Image caption Shishani Gurjistonda ekan otasiga "bu yerda hech kimga kerak emasman", deb aytgan

Oilaviy suratlar

"U menga: "Ota, bu yerda men hech kimga kerak emasman", dedi", deb eslaydi Batirashvili

Ketishidan oldin Shishani uydagi barcha oilaviy suratlarni olib tashlaydi.

U yangi dinni qabul qilgan edi.

"Buni payqamagan ekanman, bir kuni albomni olib suratlarni ko‘ray desam, u yerda hech narsa qolmabdi", deydi Batirashvili.

U o‘zining o‘rtancha o‘g‘li ham radikallashib, mamlakatni tark etganini aytadi.

"Uch o‘g‘lim bor va ularning barchasi musulmon bo‘lgan. Men nasroniyman. Cherkovga boraman".

"Mening otam ham va yo bobom ham musulmon bo‘lishmagan. Biz hammamiz shu muqaddas joylarda ibodat qilganmiz. Bularning uchalasi ham radikal musulmon", deydi ota.

Janob Batirashviliga ko‘ra, Shishanining radikallashiga qashshoqlik sabab bo‘lgan.

"Ilojsiz qolgan paytingiz har narsa qilasiz. Hozir u dinini deb ketdi. Biroq, men bilaman, u biz kambag‘al bo‘lganimiz uchun bu yo‘lga kirdi", deydi.

Shu bilan birga, Temur Batirashvili vaqt o‘tishi bilan Shishanining qiziqishlari o‘zgargangan bo‘lishi mumkinligini tan oladi.

"Ha, hozir u urushni boshqarayotganiga sabab pul emas", deydi Batirashvili.

"Telefonni o‘chirib qo‘ydi"

Temur Batirashvili nafaqasi va hali ham qishloqda yashayotgan to‘ng‘ich o‘g‘li Tengizning yordami bilan kun ko‘radi.

Ketganidan beri Shishani bir martagina qo‘ng‘iroq qilgan.

U chechen ayoliga uylangani haqida aytgan. "U: "Qizim bor va u sizga o‘xshaydi. Ismi Sofiya", dedi"

Shuningdek, Shishani otasidan hali ham ibodat qilish qilmasligini so‘ragan.

U hali ham nasroniy ekani haqida aytarkan, u telefonni qo‘yib qo‘ygan va qayta hech qachon sim qoqmagan.

Daradagi dindorroq odamlar orasida Shishani Suriyadagi faoliyati uchun hurmat ham qozongan.

Ayrim mahalliy aholi vakillarining aytishlaricha, yana qator odamlar uning izidan borish uchun hududni tark etishgan.

Temur Batirashvili esa, oilasining yomonotlig‘ bo‘lganidan qayg‘uradi. "Bunday shuhratni nima qilay? U (Shishani) hech qachon ketmasaydi. Ammo, ehtimol Suriyaga urushga borish uning peshonasiga yozilgan bo‘lgandir", deydi u.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002