Shakar vasvasasi: Xonadon boshiga ikki kilomi yoki besh kilo?

Bugun og‘zingizdan "bir kilo" yoki "besh kilo" degan so‘zlar chiqdimi, tamom, hamma gap shakar haqida ekanini biladi. Kattalar bozordagi ur-yiqitga, mamlakatdagi shakar vasvasiga batamom barham berish yo‘lida yangi ish qo‘l urgan ko‘rinadi.

Bugun tongdan boshlab Toshkent shahar mahallalarida shakar ro‘yxat bo‘yicha tarqatila boshlandi. Narxi 2300 so‘mdan.

Ertalabdanoq mahallaboshidagi do‘konlarga qop-qop shakar tushirildi.

Ko‘plariga kecha tundayoq keltirilgan ekan. Men ishga otlanayotganda ko‘cha boshidagi do‘konda allaqachon mahalla odamlari chiqib shakar sotib ola boshlashdi.

Shakarni ikki kishi sotmoqda, biri tortadi, ikkinchisi xaridorlarni mahalla qo‘mitasi bergan ro‘yxat bo‘yicha belgilab turadi.

Ba‘zilar norozi, chunki bir xonadonga ikki kilo shakar sotilar ekan. Ayollar shu yerning o‘zida qarindoshlariga qo‘ng‘iroq qilib, ularning mahallasidagi vaziyatni surishtiradi.

"Ana! Singlimning mahallasida bir xonadonga besh kilo berishvotgan ekan, nega bizda ikki kilo xolos?" deydi bu ayol sotuvchiga qarab.

Do‘konchi tushuntiradi: "Bizga yigirma qop tushirishdi, mana hammasi ko‘z oldizda turibdi. Ro‘yxatdagilarga yetishi kerak-ku".

Do‘konchining men bilan o‘zaro suhbatda aytishicha, shahar ma‘muriyati mana shu yil bilan shakar vasvasiga barham berishmoqchi ekan.

"Bu vaqtincha deb bizga va‘da berishdi. Yo‘qsa kim xohlaydi bunaqa janjal bilan shakar sotishni. O‘zimizning savdomizni qilganimiz yaxshi buning o‘rniga", deydi u.

Bir paytlar o‘simlik yog‘i ro‘yxat bilan sotilar edi, endi yog‘ shakar olmoqchi bo‘lganlarga majburan o‘tkazilmoqda. Katta supermarketlarda begsh kilo shakar olmoqchi bo‘lsang, bir baklajka yog‘ qo‘shib beradi.

Lekin hali savol ko‘p, endi bir xonadonga ikki kilo shakar bir oyda bir doim sotiladimi yoki bu faqat bir martalik tadbirmi? Bu savolga hozircha javob yo‘q.

Odamlar shakar vasvasasidan bir kulsa, bir achchig‘i chiqadi. Kimlardir hukumatni ayblasa, kimlardir odamlarning o‘zidan, ochko‘zligidan, insofsizligidan ko‘radi.

Bir jihatdan shakar "chayqovchiligi" ham allaqachon boshlanib ketganini tan olish lozim. "Bir qop shakar bor, olasizmi? Kilosi 4500 so‘mdan", degan o‘zaro shivirlashlarni eshitish mumkin.

Toshkentda-ku mahalla orqali shakar tarqatish boshlandi, lekin eng ko‘p aziyat chekayotgan viloyat aholisi holi ne kechadi, ular hali ham eng baland narxlarda shakar olmoqda, o‘shanda ham topolsa agar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002