Dovuto‘g‘lining O‘zbekistonga safaridan nima kutish mumkin?

Image copyright REUTERS

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmet Dovuto‘g‘li Toshkentga yo‘l olgan.

10 iyulda O‘zbekistonga safari boshlanadigan janob Dovuto‘g‘lini Prezident Islom Karimov qabul etishi xabar qilingan.

Muxbirlarning yozishlaricha, Turkiya yetakchi diplomatining Toshkentga safaridan ko‘zlangan maqsad, O‘zbek-Turk aloqalarini ilitish harakatlaridir.

Anqarada jurnalistlar bilan suhbatda Tashqi ishlar vaziri Ahmet Dovuto‘g‘li, "O‘zbekiston Markaziy Osiyo yuragidagi do‘st va birodar mamlakat", deb aytgan.

Turkiya 1991 yilda O‘zbekiston mustaqilligini rasman tan olgan dunyoning ilk davlati bo‘lgan.

O‘zbekistonliklar Turkiyaga vizasiz kirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Ikki mamlakat o‘rtasida ancha qalin munosabatlar yo‘lga qo‘yilgan, Prezident Islom Karimov rivojlanishning "Turkiya modeli"ni O‘zbekistonga tatbiq qilish istagida ekanini ham aytgan.

O‘zbekiston Turk sarmoyadorlarining paxtani qayta ishlash va dehqonchilik kabi sohalarga, savdo-tijoratga ulkan sarmoyalar kiritgan mamlakatiga aylandi.

Turk litseylari qator chet tillarni biladigan iste‘dodli O‘zbek yoshlarini yetishtirib chiqaradigan o‘quv maskanlari sifatida tanildi.

Biroq rasmiy Toshkent 1999 yilgi portlashlarda Turkiyada istiqomat qilgan O‘zbek muxolifati yetakchisi Muhammad Solihni aybdorga chiqarishi ortidan Turkiya bilan munosabatlarini ham sovuqlashtirdi.

O‘zbekiston Turkiy davlatlar rahbarlari sammitida ham ishtirok etmaydi.

Prezident Islom Karimovning Turkiyaga eng oxirgi safari 1999 yilda bo‘lgan.

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdo‘g‘on eng oxirgi marta Toshkentga 2003 yilda borgan.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmet Dovuto‘g‘lining so‘zlariga ko‘ra, ikki tomon ham oxirgi yillardagi aloqalarda kuzatilayotgan "turg‘unlik"ni bartaraf etish istaklarini namoyon etmoqdalar.

Janob Dovuto‘g‘lining Toshkentdan tashqari qadimiy shaharlar - Samarqand va Buxoroni ham ziyorat qilish rejasi borligi xabar qilingan.

Turkiyaning Markaziy Osiyo respublikalari bo‘yicha sobiq davlat vaziri Ahad Andijonning aytishicha, AQSh bilan munosabatlarini yaxshilayotgan Prezident Islom Karimov Turkiya bilan ham siyosiy muloqotlarini yaxshilashni ixtiyor etgan.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002