Skolari hayotidagi "eng qayg‘uli kun" Marg‘ilonda qanday aks-sado berdi?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Image copyright VIPCOMM e Getty

Marg‘ilonlik ashaddiy futbol ishqibozi Akramjon akaning aytishicha, sevimli jamoasi Olmoniyaning mezbon Braziliya ustidan yirik hisobdagi g‘alabasidan keyin, ataydan Rishtonga borib, olmon darvozaboni uchun hadya hozirlatmoqda.

"Bitta men emas, butun oilamiz bilan xursandmiz. Bugun ertalab turib, Rishtonga borib, hozir darvozaboni Noyyerga sovg‘a qildirayapman. Marg‘ilonning do‘ppisi, Marg‘ilonning majmuasi tushirilgan oq yaktak-chorsu bor. Jahon chempionati tugagandan keyin, elchixona orqali shu sovg‘alarni unga jo‘natib yubormoqchiman", - deydi u kishi.

"O‘zim ham vaqtida darvozada turganim uchun, darvozabonini yaxshi ko‘raman", - derkan, Akramjon aka seshanba kungi dastlabki yarim final uchrashuvida ham aynan Noyyerning o‘yini o‘ziga yoqqanini aytadi.

Image copyright uff

Braziliyada bo‘lib o‘tayotgan bu yilgi jahon chempionatining ilk finalchisini aniqlab bergan o‘yin barcha futbol ahlini hayratga solib, 1:7 hisobida mezbon Braziliyaning mag‘lubiyati bilan yakun topgandi.

Alohida ta‘kidlash joiz, dunyoda hammadan ko‘p: Besh marta jahon chempioni bo‘lgan Braziliya o‘z tarixida hech qachon bundayin yirik hisobda mag‘lub bo‘lmagan.

1938 yilda o‘z darvozasidan beshta to‘p o‘tkazib yuborgan esa-da, Polshani, baribir, 6:5 hisobida yengishga muvaffaq bo‘lgan.

Ustiga ustak, eslatib o‘tish joiz, xuddi o‘sha yildan beri Braziliya ilk bor jahon chempionatining yarim final uchrashuvini boy berdi.

Buyog‘i yarim asrdan ko‘proq vaqt mobaynida birinchilikning yarim finalida bu kabi yirik hisobdagi mag‘lubiyat qayd etilmagani ham bor gap.

Milliy terma jamoa nomdor Bosh murabbiyi Luiz Felipe Skolarining aytishicha esa, hayotida bunchalik "yomon kun" bo‘lmagan.

Image copyright Reuters

Qishlog‘idagi aksariyat kecha yarim tunda aynan Braziliyaga ishqibozlik qilishganini aytarkan, Akramjon aka, "men ular hammasining ustidan g‘alaba qozondim", - deya kuladi.

Eslatib o‘tish joiz, Braziliya Olmoniyaga qarshi o‘yinda yulduz futbolchisi Neymar va sardori Tiago Silvalarsiz maydonga tushgandi.

Akramjon aka hali yarim final uchrashuvi arafasidayoq sevimli jamoasining g‘alabasiga ishonchi komil bo‘lganini aytadi.

"Nimaga desangiz, u-uuu oldingi Braziliya emas-da bu. 2002 yilgi o‘yinni ko‘rsatgan Braziliya u – boshqa", - deydi u kishi.

Suhbatdoshimiz, o‘z o‘rnida, ikkinchi finalchining Gollandiya bo‘lishini umid qilayotganini ham yashirmaydi.

Image copyright Getty Images

"Argentina bilan juda ko‘p "o‘ynaganmiz" va g‘alaba "qozonganmiz". Kuchli jamoaga qarshi tushgani ma‘qul-da. O‘ziniyam bir sinaydi", - deydi Akramjon aka.

Ammo, u kishining ishonch bilan aytishicha, hatto, shunday bo‘lgan taqdirda ham, Olmoniya g‘alaba qozonadi va chempion bo‘ladi.

"Olmoniya 2:1 ga yutadi. Gollandiya oxirgi daqiqalarda bitta to‘p urib qoladi. Nimaga desangiz, Gollandiya safida "Bavariya" jamoasining o‘yinchisi bor", - deydi suhbatdoshimiz qat‘iyat bilan.

"Agar, Olmoniya jahon chempioni bo‘lib qolsa, meni unda Toshkentda ko‘rasiz. Elchixonada bayram qilamiz, Xudo xohlasa".

Image copyright Getty

Gollandiya va Argentina o‘rtasidagi ikkinchi yarim final uchrashuvi bugun 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadi va Toshkent vaqti bilan qoq yarim tunda boshlanadi.

Olmoniya va Argentinadan farqli tarzda, Gollandiya Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan so‘nggi jahon chempionatining finaliga chiqqan, ammo kubokning taqdirini hal qilgan o‘yinni 0:1 hisobida Ispaniyaga boy bergandi.

Eng so‘nggida eslatib o‘tish joiz, Braziliyaga qarshi o‘yinda kiritgan to‘pi bilan olmon jamoasining 36 yoshli hujumchisi Miroslav Kloze yangi jahon rekordi o‘rnatdi.

U o‘zi ishtirok etgan jahon chempionatlaridagi to‘plarining sonini 16 taga yetkazib, birinchilik tarixidagi eng zo‘r to‘purarga aylandi.

Image copyright uff.com
Image caption Marg‘ilonlik futbol ishqibozi Akramjon Ma‘rufjonov

Qisqacha ma‘lumot o‘rnida: Asl kasbi duradgor bo‘lgan 60 yoshli futbolsevar suhbatdoshimiz shu yil boshida BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida velosipedida Braziliyaga borib, Pele va Krishtianu Ronaldu bilan ko‘rishmoqchi, o‘zi ishqibozlik qiluvchi Olmoniya milliy terma jamoasining jahon chempioni bo‘lishini ko‘rmoqchi ekanini aytgandi.

Ayni o‘rinda eslatib o‘tish joiz, bu - Akram aka Ma‘rufjonovning ilk bor bunga o‘xshash g‘ayriodatiy va kishining aqlini shoshiruvchi taklif bilan chiqishi emasdi.

U kishi 2006 yilgi jahon chempionati paytida ham mezbon Olmoniyaga velosipedda borgan va o‘zlari oilaviy bo‘lib ishqibozlik qiluvchi Myunxenning "Bavariya" klubi afsonaviy darvozaboni Oliver Kanning dastxatini ham olishga muvaffaq bo‘lgan.

Akram aka Oliver Kanning katta futboldan xayrlashuv tadbirida ham shaxsan ishtirok etib, unga o‘zbekona zarbof to‘n va do‘ppi kiydirgan birinchi va hozircha so‘nggi o‘zbekistonlik bo‘ladi.

U kishi Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan so‘nggi jahon chempionatiga ham borish rejasida bo‘lganliklari, ammo o‘sha paytda qonlarida shakar miqdori biroz baland bo‘lgani uchun, tibbiy tekshiruvdan o‘ta olmaganliklarini ham aytgandi.

Akramjon akaning Marg‘ilondan biz bilan so‘nggi suhbatida aytishicha, asosiy homiysi bilan bog‘liq muammolar sabab, Braziliyadagi jahon chempionatiga borish orzusi amalga oshmay qolgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002