Ukraina inqirozi: OI yangi jazo choralarini kiritmoqda

Image copyright Reuters
Image caption So‘nggi haftalarda ukrain harbiylarining qo‘li baland kelayotgani kuzatiladi

Ovro‘po Ittifoqi Ukrainadagi voqealar sabab yana 11 nafar shaxsga jazo choralarini kiritmoqda.

Bu haqdagi qaror OIning doimiy vakillar darajasidagi qo‘mitasi majlisida qabul qilingan.

Reyter agentligining diplomatik manba‘larga tayanib xabar berishicha, ro‘yxatga kimlarning kiritilgani shanba kuni Ovro‘po Ittifoqining rasmiy nashrida e‘lon qilinadi.

Ro‘yxatning asosan Ukrainadagi bo‘lginchilar rahbarlaridan tashkil topgani aytilmoqda.

"Unda Rossiyaning ham bir yoki ikki fuqarosi bo‘lish mumkin", - deb aytgan Bryusseldagi manba‘ Reyter agentligiga.

Hozirning o‘zida Rossiya va Ukrainaning 60 dan ortiq fuqarolariga nisbatan OI jazo choralari amal qilmoqda.

Ovro‘polik diplomatlarga ko‘ra, bu shaxslar ukrain inqiroziga "shaxsan hissa qo‘shganlar".

Bundan tashqari OI jazo choralari ro‘yxatiga Qrimdagi bir nechta yirik korxonalar ham kiritilgan.

Image copyright AP
Image caption Rossiya gaziga qaram Ovro‘po qattiqroq jazo choralariga shoshilmayapti

Ayni paytda Ukrainadagi inqiroz yoyilgani taqdirda, Rossiya iqtisodining butun-boshli sohalariga qarshi jazo choralari qo‘llash g‘oyasi hanuz kun tartibida turibdi.

AQSh "sohaviy jazo choralari" g‘oyasini faol ilgari surmoqda, ammo Rossiya gaziga qaram bo‘lgan Ovro‘po bu kabi choralarni qo‘llashga shoshilmayapti.

Ukrainaning o‘zida mamlakat sharqidagi bo‘lginchilar bilan yuz bergan yangi to‘qnashuvlarda uch nafar ukrain askari halok bo‘lgan, 27 nafari yaralangan.

Ukraina hukumatining Aksilterror amaliyoti shtabi tarqatgan ma‘lumotga ko‘ra, askarlardan biri chorshanba kuni Lugansk yaqinida harbiylar borayotgan yuk mashinasiga pulemyotlardan o‘t ochilgan chog‘ o‘ldirilgan.

Yana ikki askar esa, Donetsk yaqinida yo‘l chetiga o‘rnatilgan bombaning portlashi natijasida halok bo‘lgan.

So‘nggi haftalarda ukrain harbiylarining qo‘li baland kelayotgani kuzatiladi, bundan ilhomlangan Prezident Poroshenko harbiy hujumni davo ettirishga buyruq bergan.

Ayni paytda u Donetskda yashaydigan katta sondagi tinch aholini hisobga olib, havo zarbalari va artilleriya qo‘llanmasligini aytgan.

Ukrain harbiylarini Donetsk va Luganskni bo‘lginchilardan butunlay tozalash rejasiga ega ekanliklarini aytishmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002