G‘azo bo‘lgasida qurbonlar ortib bormoqda

Image caption Havo hujumlari G‘azodagi tinch fuqarolar umriga zomin bo‘lyapti

Falastin rasmiylari aytishicha, o‘tgan kecha G‘azoga havo hujumlarining eng halokatlisi bo‘lgan, kamida 20 kishi Isroil raketa nishonlariga uchrab halok bo‘lgan. Ularning deyarli hammasi tinch fuqarolardir.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma‘lumotlariga binoan, qurbonlarning aksari janubdagi Xon Yunus kafesi va o‘z uylarida bo‘lganlar, o‘lganlarning soni 76 taga yetgan, qariyb 500 kishi turli darajada yaralangan.

G‘azodagi jangarilar payshanba kuni ham Isroilni raketa hujumlariga tutganlar.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun vaziyat o‘ta jiddiyligidan, G‘azo yangi urush bo‘sag‘asida qolganidan ogohlantiradi.

Isroil harbiylariga binoan, shu paytgacha 108 mo‘ljalni nishonga olganlar, yarim tundan keyin G‘azodan uchirilgan 12 raketaning yettitasi "ushlab" qolingan.

Isroil o‘zining maqsadi Xamasga tegishli manzillar ekanini iddao qilmoqda, biroq tinch fuqarolar orasida qurbonlar ko‘p.

Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, besh bola doxil 17 kishi o‘z uylarida va Xan Yunus kafesida raketa hujumidan halok etilgan. Xon Yunusdagi kafeda odamlar futbol bo‘yicha yarim final o‘yinini tomosha qilishga yig‘ilganlar, ma‘lumotlarga ko‘ra, u yerda to‘qqiz kishi o‘lgan. Isroil kafega snaryad tushganini tasdiqladi va buni "kutilmagan fojea" deb atadi.

Falastin muxbirlariga ko‘ra, G‘azo g‘arbida Isroilning hujumi natijasida avtomobilda ketayotgan to‘rt kishi halok bo‘lgan, Reyter agentligi bildirishicha, ular Islomiy Jihod jangarilari bo‘lganlar.

Isroil jangarilar seshanbadan buyon uchirgan 365 ta raketaga qarshi zudlikda 780 ta javob amali berganini ta‘kidlagan.

Payshanba kuni hujumlar sirenalar bilan butun mamlakat bo‘ylab davom etgani kuzatilgan.

Hamas uchirgan ikki raketadan biri raketaga qarshi uskuna yordamida ushlangan, binolarga zarar yetgan, qurbonlar haqida ma‘lumotlar yo‘q.

Isroil harbiysi Xon Yunusdagi uyda sakkiz kishi o‘lganini "o‘zlari rejalashtirmaganlarini", odamlar uylariga maxsus ogohlantirishdan keyin juda tez qaytganlarini aytgan.

Xabarlarda aytilishicha, Xon Yunusdagi uyda Hamas rahbarlaridan Odeh Kavayi bo‘lgan deb ko‘rilgan.

Image copyright Reuters

Isroil rahbarlariga qaraganda, G‘azoga quruqlikdagi hujumlar boshlanishiga kam fursat qolgan.

Ayni paytda Misr hukumati chegaradagi Rafahda Isroil hujumlaridan yaralangan falastinliklarni evakuatsiya qilish uchun yo‘lak ochishga qaror qilganini bildirgan.

Shimoliy Sinaydagi kasalxonalar yaradorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishga shay qilingan.

Mintaqadagi ahvol har qanday vaziyatda nazoratdan chiqadigan holatga kelib qolganidan xavotir bildirgan Pan Gi Mun Hamasni raketa hujumlarini to‘xtatishga, Isroil hukumatini bosiqlikka va tinch fuqarolarni himoya qilish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga bo‘ysunishni talab qilib chiqdi.

BMT Xavfsizlik kengashi payshanba kuni shoshilinch majlisga yig‘ilishi kutilmoqda.

Image copyright Reuters

Oldinroq Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Hamasga hujumlarni oshirishga, jangarilar raketa hujumlari uchun qimmat to‘lashlarini va‘da qildi.

Falastin qonunchilik kengashi vakili Mustafo Barg‘utiy Netanyaxuni G‘azoda qirg‘in keltirib chiqarishi ehtimoli bo‘lgan quruqlikdagi hujumlarni rejalashtirayotganlikda ayblagan.

Uning BBCga aytishicha, Hamas ikki tomonlama otashkesimga tayyor bo‘lgan, biroq Isroil kelishuvni rad qilgan. "Janob Netanyaxu anglashilicha, bu qo‘rqinchli urushni davom ettirishni xohlamoqda", -deydi Burgutiy.

Isroil Prezidenti Shimon Peres ham u yerdagi harakatlar tez orada boshlani mumkinligini aytgan CNNga. Isroil armiyasi quruqlikdagi amaliyotlar uchun zahiradagi 40 ming askarni jalb qilgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002