Voruxdagi otishmada bir kishi halok bo‘lgan

Xabarlarga ko‘ra, 10 iyulda Tojik-Qirg‘iz chegarasida qirg‘iz chegarachisi tomonidan sodir etilgan otishma natijasida bir tojik fuqarosi o‘lgan, besh nafari yaralangan.

BBCning Tojikistondagi muxbiri Mardoni Muhammadning tasdiqlashicha, hodisa guvohlari qirg‘iz chegarachisi bir necha voruxlikka qarshi o‘q otganini gapirib berganlar. O‘ldirilgan kishi ham voruxlik oddiy yigit bo‘lgan.

Biroq Tojikiston Chegara qo‘mitasidan hodisa haqida rasman ma‘lumot olishning iloji bo‘lmagan.

Muxbirimizga ko‘ra, Voruxning Bedak tumanida sodir etilgan hodisa tafsilotlari o‘rganilmoqda.

Guvohlarning bildirishicha, bir necha kundan buyon qirg‘iz tomoni voruxliklar bilan Bedak yerlari o‘zlariga tegishli ekani ustida bahslashgan.

Bedakda tojiklar bog‘dorchilik bilan shug‘ullanib keladilar.

Ayni paytda Qirg‘iz hukumati voqea to‘g‘risida bayonot tarqatgan.

Qirg‘iziston Davlat Chegara xizmati matbuot bo‘limi Batken viloyati Batken tumani Tomdiq mavzesida Qirg‘iziston va Tojikiston chegarachilari o‘rtasida otishma yuz berganini bildirgan.

Otishma Tojikiston fuqarolarining noqonuniy harakatlari orqasidan kelib chiqqan, deyiladi Qirg‘iziston chegara xizmati bayonotida.

Unga ko‘ra, 30 ga yaqin tojik fuqarolari Vorux anklavining Bedak qishlog‘iga Qirg‘iziston hududi orqali quvur yotqizishga uringanlar.

Bayonotda aytilishicha, Qirg‘iz chegarachilari ishni to‘xtatishni so‘raganlar, bunga qarshi tojik fuqarolari ularga qarshi toshlar otganlar.

Shundan so‘ng qirg‘iz chegarachisi havoga ogohlantiruv o‘qi uzgan, hodisa yeriga yaqin turgan tojik chegarachilari ham javob qaytargan, deyiladi shuningdek.

Qirg‘iziston bosh vazir o‘rinbosari Abdurahmon Mamataliyev hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari boshlanganini bildirgan.

Xabarlarga qaraganda, Qirg‘iz va Tojik bosh vazir o‘rinbosarlari Abdurahmon Mamataliyev va Murodali Alimardonov Isfarada uchrashib, bo‘lib o‘tgan hodisani muhokama etishmoqchi.

Tojik va Qirg‘iz chegarasidagi bahsli hududlar muammosi yillarki hal bo‘lmay keladi.

Ikki davlat o‘rtasida 560 chaqirim bahsli maydonlar bor.

Tomonlar bahsli yerlar bo‘yicha o‘z qarashini yoqlaydi va u joylar xarita bo‘yicha o‘ziga tegishli ekanini aytadi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, ikkala tomon sho‘rolar davrida belgilangan turli xaritalarga asoslanib o‘z xaqligini isbotlamoqchi, bu esa hal bo‘lmaydigan masaladir.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002