Uzwebiston: "E, o‘rgildim, qonuningdan ham, solig‘ingdan ham..."

Image copyright Reuters
Image caption "Soliqchilar sog‘adigan bo‘ldi..."

Bir uydan bo‘yniga arqon bog‘langan qo‘yni olib chiqib ketishyapti.

Ikkinchi uydan mallarang sigirni yetaklab ketishyapti.

Uy egasi biron so‘z ayta olmasdan, ma‘yus nigohini sigiridan uza olmayapti…

Bu manzaralar qaysi bir xonlik yo amirlik davridan olingan deb o‘ylamang.

Zinhor, bunday emas. Bu voqealar hozirgi davrda, shu o‘zimizning O‘zbekistonimizda sodir bo‘layotir...

Kimningdir qo‘yini, kimningdir molini kuppa-kunduz kuni yetaklab chiqib ketayotganliklarini ko‘rar ekanman, tajang bo‘lmay nima?

Qo‘shnimning gapini qarang: namuncha tajang bo‘lmasangiz, hatto kimligini bilmaysiz, biri andijonlik, ikkinchisi namanganlik odamning qo‘y-molini olib ketishgan bo‘lsa, sizga nima?

Qo‘shni mening oshib borayotgan qon bosimimni tushirishga urinadi, men bo‘lsam, xonlikmi, amirlik davrida soliqni to‘layolmagan odamlarning uyiga qilich ko‘tarib bostirib kirib, qo‘lga ilingan narsani olib ketayotgan mirg‘azablarni eslayman.

O‘zingiz ham ko‘rgandirsiz, o‘sha davrlar haqida olingan kinolarda o‘tgan zamondagi haqsizliklarni ko‘rsatish uchun soliqchilarning insofsizligini chunonam bo‘rttirishardi, chunonam bo‘rttirishardi.

Yirtiq chopon kiygan dehqon xon navkari yetaklab olib chiqib ketayotgan sigir arqoniga yopishgan.

Ayollar, bolalar yig‘lashgan…

9 iyulda O‘zbekiston televideniyesi orqali ko‘rsatilgan "Qonun ustuvorligi" ko‘rsatuvida esa qo‘y va sigir egalari na arqonga yopishishdi, na yig‘lab-siqtashdi…

Keling, avval ko‘rsatuv boshidagi biz – fuqarolarga jonajon hukumatimiz g‘amxo‘rligi haqidagi quloqqa xush yoqadigan gaplarni eslaylik.

Ko‘rsatuv muallifboshlovchisi O‘zbekiston fuqarolarining huquqlari qonuniy himoya qilinishi haqida rosa og‘iz ko‘pirtirdi.

Men quvonganimdan ko‘rsatuvni ishtiyoq bilan tomosha qila boshladim.

Birpasdan keyin ishtiyoqdan asar ham qolmadi. Sud ijrochilari goh u hovliga, goh bu hovliga kirib, gaz yo boshqa kommunal xizmatlardan foydalanganligi uchun pulini to‘lay olmagan odamlarning pulga chaqiladigan buyumlarini, qo‘y-mollarini xatlay boshlashdi.

Bittasining uyida qo‘yi bor ekan. Xatlashdi va agar falon kungacha qarzini to‘lamasa, qo‘yi sotilib, puli da‘vogar tashkilot hisobiga o‘tkazilishini aytishdi.

Boshqa birining sigiri xatga tushdi.

Men bir narsaga hayron bo‘ldim.

Ko‘rsatuvda qo‘yi yo sigiri olib chiqib ketilayogan xonadonlarning erkaklari ko‘rsatildi, xolos. Balki ular oila boshlig‘i bo‘lgani uchun elga ko‘rsatilib, mazammat qilingandir.

Balki… balki bittagina sog‘in sigirini olib ketishayotganda, bolalarining sut­-qatiqsiz qolishlarini o‘ylab uvvos ko‘targan ayolni ko‘rsatishni istashmagandir…

Bir xonadonning gazdan foydalangani uchun qarzi 5 million so‘mdan oshib ketibdi.

Bu xonadondagi mashina hujjatlari olib qo‘yildi.

Oila boshlig‘iga mashina davlat avtomobil nazoratining jarima maydonchasida saqlanishi, agar besh kun ichida qarz to‘lanmasa, sotilishini tushuntirishdi.

Oila boshlig‘i - o‘rta yoshdan o‘tib qolgan kishi qimtinibgina nimanidir so‘radi.

Men uning avzoyini ko‘rib, besh kun ichida pulni qanday topib berib, mashinasini qaytarib olishni o‘ylayotganligini sezdim.

Sud ijrochilari aytgan jarima maydonida saqlangan mashinalar uchun kuniga, soatiga pul olishlarini bilganimdan, gazga pul topolmagan odamning qarziga yana qarz qo‘shilishini o‘ylab, xunobim oshdi. Yana qo‘shnim nega tajang bo‘lasiz, deydi? Men tajang bo‘lmay, kim tajang bo‘lsin?

Boshlovchi fuqarolarning qonun oldidagi burchini eslatib turdi. Bu burch nimaligini yaxshi tushunaman. Gaz, elektr pulini, soliqlarni to‘lash uchun hammamiz majburmiz.

Lekin tirikchilik mushti to‘rt tomondan o‘qtalib turgan paytda, kiyim-kechakni gapirmayman, oziq-ovkat narxi tobora oshib turgandan keyin maosh yo pensiyadan pul orttirish ham oson emas-da!

Endi "Qonun ustuvorligi"da qonunni hurmat qilmaslikda ayblangan andijonlik va namanganliklar nima qilisharkin?

O‘z-o‘zimga tasalli beraman. E, gaz bo‘lmasa nima? Ana ming-minglab odamlar o‘tin, tezak yoqib o‘tirishibdi-ku. He, yozning g‘animat kunlarida tappi tayyorlab olinglar.

Sog‘in sigir bo‘lmasa, ota go‘ri qozixonami? Bolalaring sut-qatik ichishmasa, ichishmas, qaymoq yeyishmasa, yeyishmas. Ana, non-choy, qand-shakar bilan qorin to‘ydirayotganlar o‘lganlari yo‘q-ku!

E, nimalar deyapman? Shakar qayerda? Narxi ikki baravar oshib ketgan bo‘lsa? Qo‘shnim to‘g‘ri aytadi: tajanglik yomon, aytar gapingni ham bilmay qolasan, ba‘zan.

E, o‘rgildim, qonuningdan ham, ustivorligidan ham "dilbuzaring"dan ham!

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002