Tojiklar Vorux anklavini to‘sishga chek qo‘yishni talab qilmoqda

Qirg‘iz-Tojik chegarasida ikki inson o‘limi va 10 nafarining yaralanishiga sabab bo‘lgan qurolli to‘qnashuv orqasidan, Vorux anklavining minglab fuqarolari chegarada yig‘ilganlar.

Ular Qirg‘iz hukumatidan anklav yo‘lini ochib qo‘yishni talab qilmoqdalar.

"Vaziyatni nazorat qilishimiz juda qiyin bo‘lyapti. Odamlar o‘ta g‘azabdalar. Ular ikki mamlakat hukumatidan zarur choralar ko‘rish va muqobil yo‘llar qurishni talab qilmoqdalar. Hozir Vorux deyarli to‘sib olingan. Biz yaradorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun Isfaraga olib borolmayapmiz. Yo‘l qirg‘iz harbiylari tomonidan yopilgan", - deydi Vorux anklavi ma‘muriyati rahbari Loyiq Mahkamov BBCga.

Tojik tomoni o‘zining to‘rt fuqarosi otilgan Qirg‘izistonning "Tomdiq" posti noqonuniy o‘rnatilgan deb hisoblaydi va hozirda bahsli hududdan chegara maskanini ko‘chirishni talab qilayotir.

Qirg‘iziston chegara xizmati esa Tojikistonning bu talabini bajarishdan bosh tortmoqda va rasmiy Dushanbedan voruxliklar bilan tushuntirish ishlari olib borishni so‘ramoqda.

"Qirg‘iziston davlat chegaralari tojik fuqarolari tomonidan buzishga urinish ro‘y bergan taqdirda, ularga qarshi choralar ko‘riladi", deb aytiladi Qirg‘iziston chegara xizmati bayonotida.

Image copyright Getty

Ayni paytda 10 iyulda sodir etilgan otishmaga mas‘uliyatni ikkala tomon ham bir-biriga yuklayapti.

Tojikiston Tashqi Ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, qirg‘iz chegarachilari tojik fuqarolariga nisbatan o‘ta qo‘pol muomalada bo‘lgan va tojik askarlari vaziyatni yumshatishga harakat qilganda, odamlarga qarata o‘t ochgan. Bunga qarshi tojik tomoni bitta ham o‘q otmagani aytiladi.

Qirg‘iz tomoni buni rad qilgan.

Qirg‘iziston Chegara xizmatining bildirishicha, otishma Tojikiston fuqarolarining noqonuniy harakatlari orqasidan kelib chiqqan.

Ularga ko‘ra, 30 ga yaqin tojik fuqarosi Vorux anklavining Bedak qishlog‘iga Qirg‘iziston hududi orqali quvur yotqizishga uringanlar.

Bayonotda aytilishicha, Qirg‘iz chegarachilari ishni to‘xtatishni so‘raganlar, bunga qarshi tojik fuqarolari ularga tosh otganlar.

Shundan so‘ng qirg‘iz chegarachisi havoga ogohlantiruv o‘qi uzgan, hodisa yeriga yaqin turgan tojik chegarachilari ham javob qaytargan, deyiladi bu bayonotda.

Qirg‘iziston bosh vazir o‘rinbosari Abdurahmon Mamataliyev hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari boshlanganini bildirgan.

Vorux anklavi Qirg‘izistondagi eng yirik tojik anklavi bo‘lib, aholisining soni qariyb 35 mingni tashkil qiladi.

Tojikistondagi BBC muxbirining aytishicha, tomonlar kecha sodir bo‘lgan voqea yuzasidan muzokaralar o‘tkazgan, biroq tafsilotlar hali noma‘lum.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002