"Ur-yiqitning bahosi 400 so‘m ekan..."

Xayriyat! Nihoyat odamlarning og‘zidan yaxshi xabarlar ham chiqa boshladi. Va nihoyat O‘zbekistondagi shakar vasvasi yakuniga yetgan ko‘rinadi. Bugun ertalabdan do‘konimga kirgan-chiqqanlarning bari shakar sotilayotgan joylarda navbat ozayib, ur-yiqit tugagani haqida gapirmoqda.

Qulog‘imga ishonmasdan, darhol do‘konni vaqtincha yopib, bozorga yo‘l oldim. Ertalab soat sakkizda shakar sotilayotgan joyda 15-20 chog‘li odam xotirjam navbat kutmoqda. Ikki kun avval bu paytda yuzlab odam navbatda turar, baqir-chaqir, so‘kinish, talashish, turtishlar avjida edi. Qoyil, bo‘lar ekanu!

Bozorga kirganlarning hammasi hayratda, qani ur-to‘polon, nega janjal yo‘q, nega odam kam, deya bir-birlaridan so‘raydi. Shu joyda yog‘ sotib turgan yigitlardan biri menga o‘xshagan qiziquvchanlarga qarata "Ko‘rmayapsizlarmi, narxi yangi" dedi. E‘tibor bermabman, katta qilib shakarning narxini 3200 so‘m deb yozib qo‘yibdi. Kecha ham 2800 so‘m edi.

"Maylida, farqi 400 so‘m ekan xolos, zato ochered, janjal yo‘q", deb odamlar xursand gapirmoqda.

Buni qarang, shuncha to‘palonning sababi bor yo‘g‘i 400 so‘m atrofida ekanda!

Do‘konimga qaytayotib, bekatda ikki nafar ayol bilan gaplashib qoldim. Ikkovining ham qo‘lidagi bozorxaltada taxminimcha, besh kilodan shakar bor. Ular Jizzaxdan shakar olgani kelgan ekan.

"Voy, bizda shakarning narxi sakkiz mingga chiqib ketgandi", deydi ulardan biri. Ikkinchi ayolning aytishicha, bugun ertalabda ularning qishlog‘iga ham endi shakar mo‘l bo‘larmish, hamma joyda bir xil, 3200 so‘mdan sotilarmish degan gap yetib boribdi.

"Shakarning shamoli bugun yetib boribdi, o‘zi qachon ko‘rinadi, bilmadim. Harqalay ukam bu gap rostmi-yolg‘onmi bilgani chiqib ketibdi" deydi u.

Do‘konga kelgach, uzoq viloyatda yashaydigan bir tanishimga qo‘ng‘iroq qildim.

"Rostga o‘xshaydi, Toshkentdan qattiq buyruq kelibdi, supermarketmi, do‘konmi farqi yo‘q, qayerda va kimki shakarni 3200 so‘mdan baland narxda sotsa jazoga tortilarmish. Militsiya hammani ogohlantirib yurgan emish", deydi tanishim.

Uning aytishicha, shu xabarning o‘ziyoq shakar atrofidagi tanglikni yumshatgan emish. Shakar yetib bormagan joylarda odamlar umid bilan kutayotgan ekan.

Xullas, bugun hammaning og‘zida shu gap. Mayli, bir kilo shakarga qo‘yilgan 3200 so‘m narx arzonmi yoki qimmatmi hozir gap bunda emas, gap shakarning borligida. Nihoyat vasvasa tugagan ko‘rinadi. Rost bo‘lsin-e, shu gap!

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002