O‘zbekistonda "sho‘rochasiga boshqaruv" avjida

Image caption Yillarki o‘zgarmas manzara

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga asoslangan davlatga aylanib borayotgani har yil kelganimda yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.

Qishloq xo‘jaligi ishlarining yaxshi tashkil qilinmagani va yer o‘z egasini hunuz topmagani bois yozning jaziramasida g‘alla dalalari bo‘ylab ketgan yo‘llarning chetida mavsum vaqti militsiya yo-da qanaqadir idoralarda ishlovchi po‘rim kiyingan xodimlarni ko‘rish mumkin.

Ular hokimiyat tomonidan maxsus biriktirilgan bo‘lib, o‘zlarining ta‘biri bilan aytganda "xalq g‘allasini" nes-nobud qilmasdan o‘z vaqtida yig‘ib, davlatga topshirish uchun safarbar qilinganlar.

Gohida kechayu-kunduz ishlaydigan ushbu xodimlarning bundan tashqari ham birinchi navbatda bajarishi kerak bo‘lgan vazifalari bor.

Kimdir bolalar bog‘chasi direktori, yana kimdir tuman gaz idorasi rahbari…

- Uy sotishim kelib-kelib… ayni g‘alla mavsumiga to‘g‘ri kelib qolibdi. Hamma ishimni yig‘ishtirib qo‘ydim, 10 kun tinmasdan notarius aytgan hujjat va ma‘lumotnomalarni yig‘ishga sarfladim. Shularning ichida eng g‘ayritabiiysi va topish qiyin bo‘lgani bu kadastrdan spravka bo‘ldi, - deydi yangiyo‘llik Qodirjon.

Qodirjonning aytishicha, tuman kadastr binosi oldida 30dan ortiq odam boshliq va uning muhrini kutib turibdi.

Ammo boshliq g‘allaning boshiga ketgan.

O‘ziga biriktirilgan guruh bilan davlatga g‘alla topshirish rejasini bajarishga hissa qo‘shmoqda.

"Shuncha odam ishi bitmay kutib turaveradimi, boshliq qachon keladi, desam, "Kechki payt keladi", deydi. Lekin kutib turgan odamlar kechki payt kelishi ham dargumon, chunki kecha svet o‘chib qolib hech kim kelmadi, deyishdi", - deydi Qodir aka.

Qodir aka kadastrda ishlaydigan xodim tanishi bo‘lgani uchun rahbarning qayerda va kimning dalasida mehnat qilayotganini bilib dalaga yo‘l oladi.

Tuproq yo‘llardan yurib kombaynning boshida turgan kadastr boshqarmasi boshlig‘ini topib imzosini olgandan so‘nggina ishi bitadi…

Shunda ham muhr bostirish uchun o‘rinbosarini izlashga to‘g‘ri kelgan.

"Axborot" ko‘rsatmaydigan manzaralar

Image caption Matbuotda "olam guliston"...

Davlat idoralari rahbarlarining dalada dehqonning ishiga nima uchun aralashib yurgani borasida rasmiy izoh berilmaydi.

Bu haqda markaziy gazetalar va televideniyelarda hech narsa aytilmaydi.

Bu kabi kulgili va achinarli holatlar Uzbekistonda bugun xam ro‘y berayotganining bittayu-bitta izoxi bor - bu qishloq xo‘jaligini boshqarish bo‘yicha davlat tizimi xamon yakkahokimlik va yuqoridan boshqarishga asoslanganicha kolgan.

Natijada Sho‘rolar davridan meros bo‘lib qolgan planlashtirish va davlat rejasi bugungi kunda mustaqil O‘zbekistonning o‘ziga xos modeli bilan qorishib ajoyib bir boshqaruv tizimini vujudga keltirgan.

So‘rab surishtiraversangiz, bu o‘ziga xos boshqaruv usulini hech kim, hatto soha vazirligidagilar ham tushuntirib berolmasligi tayin…

Oqibatda hukumat tomonidan fermerlarga bosim shu darajada ko‘payib ketganki, rejani bajarsa-da qarzga botib qolayotgan fermerlarning Rossiya qochib ketayotgani borasida juda ko‘p eshitasiz...

Oldin cho‘l bo‘lgan, sug‘orish va melioratsiya ishlarining yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani bois yana sho‘r bosib cho‘llashayotgan Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida fermerlarning ahvoli yanada achinarli holatda.

Yer sho‘rligi va unumdorligi pastligi sabab bu viloyatning fermerlari yerdan katta tsentnerdan hosil ko‘tara olmaydi.

Natijada davlat tomonidan paxta va g‘allaga belgilangan past narxlar fermerning yil davomida hosil yetishtirish yo‘lida kilgan xarajatlarini qoplamaydi.

"Ukrainadagi voqealar hukumatni cho‘chitib qo‘ydi…"

Image caption O‘zbek fermerlarining "yupanchi"...

Boz ustiga fermer xo‘jaligidan kamroq xarajat qilib, ko‘proq foyda ko‘rishni ko‘zlagan hukumat fermerlarni boshi berk ko‘chaga olib kirib qo‘ygan.

"Davlat menga bir gektar yerning o‘tini choptirish uchun 10 ming so‘mdan pul beradi. Lekin chopiqchi 10 mingga chiqmaydi. Kamida 20 ming so‘mga chiqadi. O‘rtadagi farqini men o‘z cho‘ntagimdan to‘lashim kerak. Bo‘lmasa ahvol chatoq", - deydi jizzaxlik fermer G‘olibjon.

G‘olibjon g‘alla va paxta rejasini tumanda har yili birinchilardan bo‘lib bajaradi.

Lekin bugungi kunda davlatdan qarzi 200 million so‘mni yoki 86 ming dollarni tashkil qiladi.

"Tumandagi deyarli hamma fermer qarzdor. Shuning uchun ham muttahamdek bo‘ynimizni egib ishlashga majburmiz. Majlislarda hokim boboning so‘kishlarini indamay eshitishga ham shu sabab majburmiz. Bo‘lmasa o‘zimizni qamoqqa tiqish va uyimizni musodara qilish bilan qo‘rqitishadi", - deydi G‘olibjon.

Biroq nima sababdandir bu yil jizzaxlik fermerlarga hokimiyat tomonidan bosim o‘tgan yilgidek emasligini aytishdi…

So‘nggi yillarda fermer tomorqa uchun paxta va galla dalasining bir burchagiga ekadigan joyidan ham mahrum qilingan.

Haddidan oshgan hokimning bortli mashinaga fermerlarni solib dalama-dala ketiga tepib tahqirlashlar bu yil yo‘q.

"Fermerlar kelishib, "otsa otar", deb hammamiz umumiy mavjud yerimizning 10 foiziga poliz maxsulotlari ekib tashladik. Kimdir oshqovoq, yana kimdir qovun-tarvuz ekdi. Pichoq suyakka qadaldi. Juda qiynalib ketgan edik. Uyda mol-hol qolmadi. Ishchilar ham qochib ketgan edi", - deydi G‘olibjon.

Fermerlarning bunday o‘zboshimchaligi o‘tgan yili kuzatilganida, ushbu yerda agar poliz ekini o‘sib chiqib, gullab qolgan bo‘lsa ham hokimiyat tomonidan shavfqatsizlarcha haydab tashlanardi.

Ammo bu yil bunday choralar nimagadir qo‘llanilmagan.

"Ukrainadagi to‘polonlardan hukumatimiz xulosa qilgandir-da", - deydi kulib G‘olibjon.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002