Afg‘onistonda sakkiz million saylov byulleteni qayta sanaladi

Image copyright AFP

Afg‘oniston saylov mulozimlari bahsli prezidentlik saylovi ikkinchi davrasida berilgan ovozlarni qayta hisoblab chiqishga tayyorgarlikni boshlaganlar.

Ikki prezidentlikka nomzodlar ham ko‘p sondagi qallobliklardan shikoyat qilishgandi, AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining Kobuldagi muzokaralari yakunida tomonlar saylov byulletenlarini qayta sanab chiqishga rozilik berganlar.

14 iyun kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovining ikkinchi turidagi ovoz berish natijalari Afg‘oniston Mustaqil Saylov komissiyasi tomonidan e‘lon qilindi, bu komissiya hisob-kitoblari bo‘yicha Ashraf G‘ani 56,44 foiz, Abdullo Abdullo 43,45 foiz ovoz to‘plagan.

Bu raqamlar Afg‘oniston prezidentlik saylovi birinchi turi natijalaridan butkul farq qilgan, birinchi turda janob G‘ani ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.

Kobulda AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bilan birgalikda matbuot anjumani o‘tkazgan ikki nomzod baracha byulletenlarni qayta sanab chiqishga rozilik berganlar.

Dastlab Kobuldagi ovozlar qayta hisoblab chiqiladi.

So‘ng Afg‘onistondagi xorijiy ISAF kuchlari harbiylari qolgan byulletenlarni boshqa viloyatlardan yig‘ib poytaxt Kobulga olib keladi.

Byulletenlarni sanab chiqish joyi ham hisob-kitob yakunlari ham yangi natijalar e‘lon qilingunicha judda qattiq qo‘riqlanadi.

Tolibon qudratdan ag‘darilganidan keyin Afg‘onistonni boshqarib kelayotgan Prezident Homid Karzay ham byulletenlarni qayta sanab chiqilishiga o‘z roziligini bildirgan.

Va mamlakatda avgust oyiga mo‘ljallangan yangi prezidentni qasamyodga keltirish marosimi ham ortga cho‘zilgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Afg‘onistonda Ashraf G‘anining ham, Abdullo Abdulloning dastagi kuchli hamda hukumat yoki qurolli kuchlardagi bo‘linish mamlakat barqarorligini izdan chiqarishi mumkin.

Milliy birdamlik hukumatida qudrat o‘zaro qanday bo‘linadi, hozircha ma‘lum emas.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002