Gulnoraning sheriklari hukm etildi

Image copyright none
Image caption Gayane Avakyan Gulnora Karimovaning yaqin biznes hamkorlaridan bo‘lgani aytiladi

O‘zbekistondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, Prezident Karimovning to‘ng‘ich qiziga sherik bo‘lgan ikki shaxs bir necha yillik qamoq jazolariga hukm qilingan.

Prezident to‘ng‘ichining yaqin hamkori bo‘lgan Rustam Madumarovga 10 yillik qamoq jazosi berilgan. Ammo sud zalida umumiy avf qo‘llanib, jazoning uchdan bir qismi bekor qilingan.

Gayane Avakyan esa boshida 9 yilga hukm etilgan, ammo umumiy avf qo‘llanilib, 6 yillik qamoq jazosi tayinlangan.

Mahkumlarga yaqin manbalarga ko‘ra, ular mahkama qaroriga qarshi shikoyat arizasi bilan murojaat qilishadi.

Gulnora Karimovaning o‘zi haqidagi so‘nggi xabarlar esa ancha ziddiyatli.

O‘zbekiston hukumatiga yaqin uzmetronom.com websahifasiga ko‘ra, Gulnora Karimova bir necha kun oldin Boltiqbo‘yidagi bir mamlakatda o‘z tug‘ilgan kunini nishonlagan.

Gugusha atrofidagi mashmashalarni kuzatib kelayotgan manbalar ham Gulnora Karimova O‘zbekistonni allaqachon tark etgan, deb aytishmoqda.

Ammo uning xorijda yashayotgan o‘g‘li, ya‘ni kichik Islom Karimov o‘z onasi hamon O‘zbekistonda uy qamog‘ida qolayotganini ta‘kidlamoqda.

Qozonga yaqin yursang...

"Dado" guruhi xonandasi bo‘lgan Rustam Madumarov o‘tgan yillar davomida Gulnora Karimova bilan juda yaqin tijoriy va shaxsiy munosabatlarda bo‘lgani aytiladi. Ayrim websahifalar esa uni hatto Gugushaning fuqaroviy eri, deb ham ta‘riflashgan.

Gayane Avakyan esa bir necha Ovro‘po davlatlarida boshlangan pul yuvishga oid ishlarda nomi tilga olingan shaxs bo‘lib, Gulnora Karimovaga bog‘liq tijoratlarni yuritgani da‘vo qilingandi.

Ovro‘poda boshlangan tekshiruvlarda u gumondorlar ro‘yxatiga tushib, nomi O‘zbekiston prezidenti to‘ng‘ichiga bog‘langan paytlarda ham Gulnora Karimova o‘zi va Gayane Avakyanning birgalikda tushgan rasmini "abadul-abad do‘stlar" kabi izohlar bilan internet sahifalariga joylagandi.

Hozirda Gulnora Karimova o‘z tijorat saltanatidan ayrilgan va uy qamog‘ida saqlanmoqda, deb ishoniladi.

Ayrimlar bu voqealar ortida kelasi yil kutilayotgan prezidentlik saylovi oldidan boshlangan qudrat talashishni ko‘rishadi.

Boshqa tahlilchilarga ko‘ra, O‘zbekiston rahbariyati go‘yo Gulnorani jazolagandek bo‘lib, dunyo ko‘zi uchun sahnalashtirilgan tomosha qo‘yayotgan bo‘lishi mumkin.

Xususan, Gulnora Karimovaga nisbatan halicha O‘zbekistonda biron ayblov ilgari surilgani yoki uning sheriklari tortilgan mahkama ishlariga aloqasi xususida hech qanday xabar yo‘q.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002