Toshkentda tijoriy viza bilan hajni tashkil qilganlar ushlangan

Image copyright AFP

O‘zbekistonda fuqarolarni tijoriy viza orqali hajga jo‘natish bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruh qo‘lga olingan.

Huquqni himoya qilish idoralari ushbu noqonuniy yo‘l bilan daromad qilib kelgan shaxslar faoliyatini oshkor qildi, deb yozadi 12news.uz web sayti.

Xabarda aytilishicha, ikki yil davomida shu ish bilan shug‘ullangan ikki kishi qariyb 100 ming dollar daromad qilgan.

Ularning bittasi Saudiya Arabistonining Toshkentdagi elchixonasi xodimi bo‘lgani aytiladi.

Fuqarolarni hajga borish vizasi uchun ushbu guruh ulardan qo‘shimcha boshqa narsalar ham talab qilishgani keltiriladi. Ya‘ni, 2013 yilda Andijonlik fuqaro oila a‘zolari bilan hajga birga borish uchun 61 ming dollar beribdi. Biroq hajga yuborishning uddasidan chiqmagan guruh ularni Umra safariga yuborishni to‘g‘irlab berish va‘dasi bilan andijonlik kishidan 70 kg toza asal, ikki qo‘y undirib olibdi.

Xabarda keltirilishicha, hajga yuborish bilan shug‘ullangan guruh Saudiya elchixonasiga tijoriy viza uchun 55 dollardan to‘lashgan, biroq vizani qilib berish uchun odamlardan 6-7 ming dollar pora talab qilishgan.

Huquqni himoya qilish xodimlari shubhali guruh ustidan o‘tkazilgan tintuv vaqtida taqiqlangan diniy adabiyotlar va disklar topganlari yoziladi.

Voqea yuzasidan jinoiy ish ochilgan.

Kuzatuvchilarning fikricha, O‘zbekistonning deyarli hamma sohasida ildiz otgan poraxo‘rlik, hatto muqaddas haj ziyoratiga borish jarayoniga ham ta‘sir qilmay qolmagan.

Ularga ko‘ra, har yili musulmonlarning Haj marosimi boshlanishi oldi O‘zbekistonda poraxӯrlik hollari kӯpayishi borasida xabarlar paydo bo‘ladi.

Norasmiy manbalarga ko‘ra, tegishli idora mulozimlari hojilar rӯyxatiga kiritish uchun alohida shaxslardan qo‘shimcha pul talab qilish hollari ma‘lum.

Talabgorlar sonining ajratilgan hojilar o‘rnidan bir necha marotiba kӯpligi Haj marosimidagi poraxӯrlik hollarining kӯpayishiga sabablardan biri sifatida ko‘rsatiladi.

30 millionlik aholiga nechta hoji?

Ayni paytda 10 iyulda o‘zbekistonlik 170 nafar ziyoratchi Umra amalini bajarish uchun Arabistoniga jo‘nab ketgan.

Bundan oldin besh mingdan ortiq ziyoratchi Umrani ado etib qaytgan.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, safarga jo‘natish Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda tegishli vazirlik va idoralar hamkorligida amalga oshirilgan.

Saudiya Arabistoni har yili jahondagi mamlakatlarga musulmon aholisining soniga qarab joy ajratadi.

Bu raqam har 1 million musulmon uchun 1000 kishi etib belgilangani aytilgan.

Shundan kelib chiqib, aholisi 30 millionlik bo‘lgan O‘zbekistondan hajga boradigan ziyoratchilar soni bir necha baravar ko‘p bo‘lishi kerak.

Biroq O‘zbekiston hukumati o‘tgan yilda 5200 kishi hajga borishini belgilab qo‘ygan.

O‘zbekiston hukumati Hajga boradigan o‘z fuqarolari sonini sun‘iy qisqartirayapti, deya ilgari ham tanqidlarga tutilgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002