BBCga aytaman: "O‘zMTRK xodimlari yana qovun tushirishdi"

Toshkentdan o‘zini Shahboz Zufarov deb atagan o‘quvchi shunday xat yo‘llagan:

"O‘zMTRK "Axborot" dasturining ta‘riflashicha, Turkiya tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovuto‘g‘li Toshkent viloyatida tug‘ilgan emish.

Bu xabar 2014 yil 10 iyul kuni "Axborot" informatsion dasturida "yangradi". Aslida vazir janoblari "Toshkent juda chiroyli shahar, men tug‘ilgan joyning nomi ham Toshkent deb atalardi" - deb aytgan edi. Bu so‘zlarni "Axborot"ning "qobiliyatli" xodimlari "Menga O‘zbekistonning har bir qarich yeri aziz, chunki men ham Toshkent viloyatida tug‘ilganman" - deya tarjima qilishdi.

Bundan chiqadiki, TV xodimlari xohlagan paytda xohlagancha tarjima qilar ekanda. Bundan boshqa yana qancha shunaqa xatolar o‘tib ketyapti.

O‘zlarining bunday hatti-harakatlari bilan TV xodimlari yana bir karra uquvsiz va tajribasiz ekanliklarini isbotladilar.

Bu O‘zMTRK xodimlarining anchadan beri tajriba almashmasdan, yosh, tajribali kadrlarga o‘rin bermasdan kelayotganidan dalolatdir.

Masalan; bu O‘zMU jurnalistika fakulteti hamda O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakultetini yuzlab yosh jurnalistlar bitirishdi. Harholda ularning orasida iqtidorlilari ham topilib qoladi. (Birgina diplom ishini yozib berib, uning himoyasida 5 baho olishga ko‘maklashish 100 AQSh dollaridan 200 AQSh dollarigacha turadi.) Nima bo‘lganda ham ular O‘zbekistonning Toshkent viloyati bilan Turkiyadagi Toshkentning farqiga borishadi.

Ammo O‘zMTRK "Axborot" va "Davr" informatsion dasturlari ma‘murlari yosh kadrlarni ishga olishmaydi. Chunki pul bilan o‘qishga kirib uni tugatgan talaba jurnalist bo‘lib ishlash qiyinligiga ko‘zi yetadi va yana pul to‘lab bu ishga kirmaydi. Puli kam, ammo iqtidorli bitiruvchilar esa yillar davomida TVning ostonasida amaliyot o‘tab, ishga kirolmay ketib qolishadi. "Axborot" informatsion dasturiga ishga kirish kamida 1000 (ming) AQSh dollari, "Davr" va "Poytaxt" informatsion dasturiga kirish esa 500 (besh yuz) AQSh dollaridan kam bo‘lmaydi.

Ko‘pchilik ko‘rmaydigan "Dunyo bo‘ylab" hamda "Madaniyat va ma‘rifat" telekanallariga ishga kirish birmuncha oson, biroq ularda maosh juda kam. O‘rtacha 300-400 ming so‘mni tashkil qiladi. Bu maosh bilan oila tebratishni faqatgina qahramonlik deya baholash mumkin.

Hali bu ketishda O‘zTVning eskicha qarash bilan boshqarayotgan rahbarlardan yana ko‘p antiqa ishlarni kutish mumkin. Biz voqealar rivojini kuzatamiz", deya xatiga nuqta qo‘yadi

Shahboz Zufarov.

BBC uning xatida keltirilgan "Axborot muharririyatiga ishga kirish uchun kamida 1000 dollar, boshqa dasturlar uchun 500 AQSh dollar berib ishga kirish mumkin", degan gaplarida qanchalik jon bor, deb O‘zbekiston televideniyesida ishlovchi bir necha xodimdan so‘radi. Jurnalistlar ma‘lum sabablarga ko‘ra, ismini berishni xohlamagan bo‘lsa ham, bu xabarni to‘g‘riligini tasdiqlashdi. Ularning aytishicha, "Axborot" va "Davr"da xodimlarning stavkasi" boshqa redaktsiya jurnalistlarinikiga qaraganda ancha "yuqori va obro‘li". Shu boisdan, u yerga ishga kirish ham ko‘proq pul turadi. Ularning oyligi ham million so‘mdan oshishi va bundan tashqari "joylardan qo‘shimcha daromadlari ham bor"ligini qayd etishdi televideniyening BBC suhbatlashgan xodimlari.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002