Ukraina Rossiya hududini nishonga olmaganini aytmoqda

Image copyright Reuters
Image caption Kremlga ko‘ra, Rossiya-Ukraina chegarasida vaziyat o‘ta tanglashgan

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi mamlakat harbiy xizmatchilari Rossiya hududini o‘qqa tutgani haqidagi da‘volarni inkor etgan.

"Ukrain harbiy xizmatchilari qo‘shni davlat hududi va aholi maskanlarini hech qachon o‘qqa tutmagan, tutmayotir va tutmayajak", - deya ta‘kidlanadi Ukraina Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Moskva Ukraina armiyasini Rostov viloyati Donetsk shahrini o‘qqa tutishda ayblagan va bu hodisa "chorasiz oqibatlar"ga yetaklashi haqida ogohlantirgandi.

Rossiya hukumati bayonotiga ko‘ra, yakshanba kuni bir hovliga fugas snaryadining kelib tushishi natijasida bir Rossiya fuqarosi halok bo‘lgan va yana ikki kishi yaralangan.

Ukraina taassufi va e‘tirozi

Ukrainalik diplomatlar Rossiyaning fojiali hodisani haqqoniy va beg‘araz baholashiga umid bildirganlar va uni o‘rganishda hamkorlik qilishga tayyorliklarini aytganlar.

"Rostov viloyati Donetsk shahrida Rossiya fuqarolarining halok bo‘lishi va jarohat olishi yuzasidan taassuf izhor etamiz", - deya bayonot bergan Ukraina Tashqi ishlar vazirligi.

Ayni paytda Ukraina TIV "Rossiya TIV Ukrainaning sharqiy viloyatlarida ukrain harbiy xizmatchilari va oddiy fuqarolarining terrorchi qurolli guruhlar tomonidan o‘ldirilishini alaloqibat fahmlashi va taassuf bildirishi, terrorchilarning jinoiy amallarini qoralashi va ularni zo‘ravonliklardan tiyilishga majburlashi"ga umid qilgan.

Shu bilan birga Ukraina Tashqi ishlar vazirligi "13 iyulga o‘tar kechasi Ukrainaning Izvarino aholi punkti orqali RF hududidan harbiy texnika va yollanma jangarilarning kirishga uringani yuzasidan" e‘tiroz bildirgan.

Ukraina vakili jangarilar Rossiya hududi va tinch aholisiga o‘t ochib, talafotlar uchun aybni Ukraina harbiylariga to‘nkashga urinayotganiga oid ko‘plab isbot-dalillar borligini aytgan.

"Navbatdagi tajovuz"

Rossiya tergov qo‘mitasi qotillik amali bo‘yicha jinoiy ish ochgan.

"13 iyulga o‘tar kechasi Ukraina armiyasi fugas snaryadlari bilan Rostov viloyatining Donetsk shahrini o‘qqa tutdi", - deyiladi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Rossiya TIV bayonotida ta‘kidlanishicha, Rossiyadagi Ukraina rasmiy vakiliga hodisa yuzasidan keskin e‘tiroz bildirilgan.

"Rossiya tomoni ushbu ig‘vogarlikni ukrain tomonining suveren Rossiya hududi va Rossiya Federatsiyasi fuqarolariga nisbatan navbatdagi tajovuz amali deya baholaydi", - deya ta‘kidlanadi Rossiya TIV bayonotida.

Ushbu hodisa, Moskva fikriga ko‘ra, Rossiya-Ukraina chegarasida vaziyatning o‘ta tangligini ko‘rsatadi va "ma‘suliyati Ukraina zimmasida bo‘lajak chorasiz oqibatlar"ga yetaklashi mumkin.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002