UzWebiston: Pul ketsa ketar, poyezdlar Tojikistondan yurmasa bo‘ldi

Image caption Qamchiqdan Farg‘ona vodiysini Toshkent viloyati bilan bog‘laydigan avtomobil yo‘li o‘tadi

Xitoy faqat O‘zbekistonda emas, balki butun Markaziy Osiyoda eng uzun bo‘lgan temiryo‘l tunneli qurilishini yeng shimarib olib boradi.

China Railway Tunnel Group shirkati boshlig‘i muovini Chjou Syaoguan "Jenmin jibao"ga intervyu berar ekan, mazkur shartnoma uchun 455 million AQSh dollari sarflanishini aytgan. U bu loyiha xitoy-o‘zbek iqtisodiy hamkorligidagi eng yirik loyixa ekanligini ta‘kidlagan, deya xabar beradi12news.uz.

Mazkur loyihani amalga oshirish 2013 yil sentyabrida boshlangan. Chjou Syaoguanning aytishicha uning qurilishi uch yil davom etadi va 2016 yilda tugallanadi.

Oldinroq O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov qurilajak Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘lining muhim strategik ahamiyati haqida so‘zlagandi.

U 19 kilometrli temiryo‘l tunnelini o‘z ichiga olgan Angren-Pop temir yo‘li qurilishi mamlakat markazini Farg‘ona vodiysidagi viloyatlar bilan bog‘labgina qolmasdan, O‘zbekistonda yagona temiryo‘l tizimini barpo etishini aytgandi. Shuningdek, u "Angren-Pop" temir yo‘li Ovrupani Osiyo bilan bog‘lovchi transmilliy naqliyot yo‘lida muhim bo‘g‘in bo‘lib xizmat qilishini ta‘kidlagandi.

"Angren – Pop" temir yo‘lining uzunligi 122,7 kilometrga yetadi.

Mazkur temir yo‘li qurilishi haqida Islom Karimov birinchi marta 2013 yil aprel oyida, Andijon viloyati xalk vakillari kengashida so‘z ochgandi. U yangi yo‘l uchun taxminan 2 millard AQSh dollari sarflanishini aytgandi.

Islom Karimov Farg‘ona vodiysida 10 million nafardan ortiq odam yashashini, bu mintaqa bilan temiryo‘l aloqasi yo‘qligiga e‘tibor qaratmasdan bo‘lmasligini aytar ekan, yig‘ilganlarga 2016 yilda Andijonga poyezda kelish imkoniyati tug‘ilishini va‘da qilgandi.

Mutaxassislarning aytishlaricha yangi temir yo‘li qurish oson emas. Chunki u dengiz sathidan 2200 kilometr balandda bo‘lgan tog‘dan, Qamchiq dovonidan o‘tadi. Mazkur dovonda hozirda Farg‘ona vodiysini Toshkent viloyati bilan bog‘laydigan avtomobil yo‘li o‘tadi.

Sho‘rolar Ittifoqi davrida O‘zbekiston poyezdlari Farg‘ona vodiysiga Shimoliy Tojikiston orqali qatnardi. Qamchiq dovonidan farqli tarzda tekislikdan o‘tadigan xavfsiz bu yo‘lda faqat yuk tashilmasdan, yo‘lovchi poyezdlari ham yurardi.

Andijon-Toshkent, Namangan-Toshkent, Urganch-Andijon, Buxoro-Andijon yo‘nalishlari bo‘yicha muntazam yo‘lovchi poyezdlari qatnardi. Shuningdek, Andijon-Moskva, Andijon-Samara poyezdlari ham shu yo‘ldan o‘tardi.

Sho‘rolar Ittifoqi parchalangach, poyezdlar qatnovi davom etaverdi. Lekin endilikda o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari oxiriga kelib, ikki qo‘shni mamlakat - O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi kelishmovchiliklar temiryo‘l xizmatida ham o‘z ta‘sirini ko‘rsata boshladi, deyishadi tahlilchilar. Ularning aytishlaricha avvaliga yo‘lovchi tashish poyezdlari harakati kamaygan va bora-bora butunlay to‘xtagan.

21 asrning birinchi o‘n yilligi oxirlariga kelib esa, O‘zbekiston Tojikiston orqali yuk tashish hajmini ham keskin kamaytirgan. Yuklar asosan Angrengacha temiryo‘lda olib borilib, tushirilgan va mashinalarga ortilib, Qamchiq dovoni orkali tashila boshlangan. Lekin bu yo‘lning ayniqsa qish oylarida xatarli bo‘lganligi bois yuk ortgan mashinalarning belgilangan manzilga yetib bora olmasligi hodisalari kuzatilgan.

Kuzatuvchilarning fikricha, agar ikki mamlakat rahbarlari til topishishsa, milliard-milliard dollar sarflab xatarli temir yo‘lini qurish shart emas. Lekin Surxondaryo va Buxoroda yangi temiryo‘llar qurib, Turkmaniston temir yo‘llarini chetlab o‘tishga erishgan O‘zbekiston rahbariyati qo‘shni davlat bilan hamkorlikdan ko‘ra xavfli dovon yo‘lini afzal bilayotir, deyishadi tahlilchilar.

Uzoq yillar Farg‘ona vodiysidan Toshkentga va boshqa shaharlarga Tojikiston orqali borib-kelib yurgan O‘zbekistonliklar orasida paydo bo‘lgan istehzoli gaplar ham sababsiz emas: qancha pul ketsa, ketar, poyezdlar Tojikistondan o‘tmasa bo‘lgani.

Ayni bir paytda tojikistonlik temiryo‘lchilar Qamchiq dovoni orqali o‘tadigan temir yo‘li qurilsa, Tojikiston yuklarini O‘zbekistondan olib o‘tish muammolari kuchayishidan xavotirdalar. Chunki ayniqsa, Tojikiston janubiga kelayotgan yuk vagonlarining O‘zbekiston hududida ushlab qolish hollari ikki mamlakat temiryo‘lchilari orasida necha martalab mojarolar chiqishiga sabab bo‘lgandi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002