Gulnoraning sheriklari: savol va javoblar

Image copyright www.dadomusic.com
Image caption Rustam Madumarov (chapda) "Dado" guruhining sobiq a‘zosi

Toshkentda O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning yaqin sheriklari uzoq yillik qamoq jazolariga mahkum etilgan. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Rustam Madumarov va Gayane Avakyanlarni qator iqtisodiy jinoyatlar, jumladan, soliq va valyuta jinoyatlarida ayblagandi.

Rasmiy xabarda ayblanganlarning shu yil fevralida tergovga majburan olib kelingani aytilgandi. BBC manba‘lariga ko‘ra, Toshkentdagi mahkama yopiq eshiklar ortida o‘tgan va Gulnora Karimova sheriklarining aynan qanday jinoiy epizodlar bo‘yicha mahkum etilganliklari ma‘lum emas. Rasmiylar hozirga qadar mahkama hukmlarini tasdiqlashmagan.

Prezident qizining yaqin hamkori - Rustam Madumarovga 10 yillik qamoq jazosi berilgan. Ammo sud zalida umumiy avf qo‘llanib, jazoning uchdan bir qismi bekor qilingan va unga 7 yillik qamoq jazosi belgilangan.

Gayane Avakyan esa boshida 9 yilga hukm etilgan, ammo umumiy avf qo‘llanilib, unga 6 yillik qamoq jazosi tayinlangan. Gulnora Karimovaning bu ikki kishi bilan avvalroq hibsga olingan yana bir sherigi Yekaterina Klyuyevaning mahkamaga tortilgani yoki hukm qilingani borasida biron ma‘lumot yo‘q.

Mahkumlarga yaqin manbalarga ko‘ra, ular mahkama qaroriga qarshi shikoyat arizasi bilan murojaat qilishadi.

Hukm qilinganlar qanday jinoyatlarda aybdor deb topildilar?

Rustam Madumarov va Gayane Avakyanlar O‘zbekiston prezidenti qiziga yaqin bo‘lgan 10 kishi bilan birgalikda shu yil 17 fevralida Gulnora Karimovaning uyidan olib ketilgan edi. Rustam Madumarov, Gayane Avakyan va Yekaterina Klyuyeva hibsga olinishlari bilanoq O‘zbekiston Bosh prokuraturasi o‘z websahifasida ularga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini xabar qildi.

Bu bayonotda Terra Grup, Praym Midiya, Gamma Promoushn va boshqa shirkatlarning mansabdor shaxslari O‘zbekiston Jinoyat Kodeskining 184 moddasining 3 qismi, ya‘ni "Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash", hamda O‘zbekiston Jinoyat protsessual Kodeksining 30-bobi, aniqrog‘i 261-dan 264-moddasi, ya‘ni "Majburiy keltirish" moddalari bo‘yicha hibsxonaga olib kelingani haqida yozilgandi.

Image caption Gulnora Karimova uy hibsida ekani ishoniladi

Lekin, tergovning va mahkama ishlarining o‘ta xufyona tarzda o‘tayotgani tufayli, bu chiqarilayotgan hukmlar aynan qaysi jinoyatlarga bog‘liq ekanini bilish qiyin.

Toshkentdagi bir manbaning BBCga aytishicha, mazkur hukmlar Karimova xonimning sobiq bosh hisobchisi Nurmuhammad Sodiqovning o‘g‘irlab ketilishi ishiga bog‘liq. Manba, ayni damda, iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha mahkama ishi davom etayotganini aytadi.

BBC rasmiy ma‘lumot olish uchun O‘zbekiston Bosh Prokuraturasi matbuot xizmatiga bog‘landi, lekin u yerda BBCga gapirishdan bosh tortishdi.

Hozirda hukm qilingan shaxslar kim o‘zi? Gulnora Karimova uchun ular qanday ahamiyatga ega?

Shaxslarning kimligiga kelsak, Rustam Madumarov bir necha yil avval o‘zbek shou-biznesida o‘z akasi Alisher Madumarov bilan birga "Dado" guruhi solisti sifatida nom chiqargandi. Rustam Madumarov o‘tgan yillar davomida Gulnora Karimova bilan juda yaqin tijoriy va shaxsiy munosabatlarda bo‘lgani aytiladi. Unga yaqin manba uning Karimova xonimning fuqaroviy eri ekanini aytadi.

Gayane Avakyan esa bir necha Ovro‘po davlatlarida boshlangan pul yuvishga oid tergovlarda nomi tilga olingan shaxs bo‘lib, Gulnora Karimovaga bog‘liq tijoratlarni yuritgani da‘vo qilingandi. Xususan u Teliasonera mobil shirkatidan yirik miqdorda pul qabul qilib olgan Takilant shirkatining qog‘ozdagi egasi ekani tasdiqlangan.

Ovro‘poda tergovlar ketayotgan paytlarda Gulnora Karimova o‘zi va Gayane Avakyanning birgalikda tushgan rasmini "abadul-abad do‘stlar" kabi izohlar bilan Twitterga joylagandi.

Gulnora Karimovaning o‘zi haqida hozir nima ma‘lum?

Hozirda Gulnora Karimova o‘z tijoratidan ayrilgan va uy qamog‘ida saqlanmoqda, deb ishoniladi. Unga nisbatan halicha O‘zbekistonda biron ayblov ilgari surilgani yoki uning sheriklari tortilgan mahkama ishlariga aloqasi xususida hech qanday xabar yo‘q.

Ayni damda uning qayerda ekani va ahvoli haqidagi so‘nggi xabarlar esa ancha ziddiyatli bo‘lib qolayapti. O‘zbekiston hukumatiga yaqin uzmetronom.com websahifasiga ko‘ra, Gulnora Karimova bir necha kun oldin Boltiqbo‘yidagi bir mamlakatda o‘z tug‘ilgan kunini nishonlashga otlangandi. Ammo, uning Britaniyada yashayotgan o‘g‘li, ya‘ni kichik Islom Karimov o‘z onasi hamon O‘zbekistonda uy qamog‘ida qolayotganini ta‘kidlamoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002