Shvetsiya Prokurori: O‘zbekiston bilan ma‘lumot almashuvi mavjud

Image copyright none

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bilan bog‘liq mashmashadagi oxirgi xabar uning yaqin sheriklari uzoq yillik qamoq jazolariga mahkum etilgani haqidadir.

Ayni vaqtda "Teliasonera" mobil telefon shirkatining O‘zbekiston bozoriga kirib kelish uchun pora berganligi gumoni bilan aynan Gayane Avakyan va boshqalarni o‘z ichiga olgan tekshiruv jarayoni Shvetsiya va Shvetsariyada ochilganligi ma‘lum.

Ana shu tekshiruvlar uchun O‘zbekistonda chiqarilgan hukmlar qanday ta‘sir ko‘rsatadi?

Shvetsiya Korruptsiyaga qarshi kurash bo‘linmasi Bosh prokurori Gunnar Shtetlerning BBC bilan suhbatda aytishicha, bu hukmlarning G‘arbdagi tekshiruv jarayonlariga ta‘siri haqida hozircha biron narsa deyish mushkul.

Gunnar Shtetler: Gayane Avakyan va Rustam Madumarovlarning jazoga hukm qilinganlari haqidagi ma‘lumot men uchun yangi. Men bu haqda matbuot orqali atigi 2 soatcha avval xabar topdim va tafsilotlarni tekshirish niyatidaman. O‘zbekiston rasmiylaridan ma‘lumot so‘rayman, balki maktub yo‘llarman. Bu yerdagi tekshiruv jarayoniga bu hukm ne qadar ta‘sir qilishini ayta olmayman, chunki aytganimdek O‘zbekistondagi ishning tafsilotlari menga ma‘lum emas. Yana bir narsani aytib o‘tish kerak: Avakyan xonim Shvetsiyadagi tekshiruvning asosiy nishoni emas.

BBC: Bu jarayonlarni kuzatib kelayotgan jurnalistlarning aytishlaricha, ushbu ish bo‘yicha O‘zbekiston va G‘arbdagi tekshiruvchilar orasida hamkorlik mavjud. Lekin sizga hukm haqida rasman bildirish berilmagan bo‘lsa, buni hamkorlik deb atab bo‘lmasa kerak?

Gunnar Shtetler: Menga o‘zbek rasmiylari anchagina ma‘lumot berishgan. To‘g‘ri ba‘zi elektron maktublarim javobsiz qolgandir hozircha, lekin mana bu oxirgi hodisalar haqida alohida so‘rovnoma jo‘nataman.

BBC: Biroq gap bu tekshiruv jarayoni borasidagi hamkorlik haqida ketayotgan bo‘lsa, unda hukm o‘qilishi kabi yirik o‘zgarish ro‘y bersa-yu, sizga ma‘lumot berilmasa, siz bu haqda matbuotdan xabar topsangiz, bunisi biroz notabiiy emasmi?

Gunnar Shtetler: Afsuski bu haqda hech qanday xulosaga bora olmayman. Vaqti kelib, qo‘shimcha ma‘lumotlarni olgandan keyin bir xulosa chiqaramiz. Lekin hozir biron narsa deya olmayman.

BBC: O‘zbek rasmiylari Avakyan va boshqalar ustidan mahkama o‘tkazib, jazoga tortgach, ular bilan bog‘liq G‘arb banklarida muzlatib qo‘yilgan mablag‘larni qaytarish masalasini hech ko‘tarishganmi?

Gunnar Shtetler: Men bu haqda izoh bera olmayman. Chunki mening qo‘limda hozirda to‘liq ma‘lumot yo‘q, turli taxminlarni o‘rtaga tashlamoqchi emasman.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002