BRICS tashkiloti 100 milliard dollarlik bank tuzishga kelishdi

Image copyright AFP

Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika respublikasi rahbarlari Braziliyadagi sammitda yangi 100 milliard dollarlik taraqqiyotbanki va zaxira jamg‘armasini tashkil etishga kelishganlar.

Bank jamg‘armasi har bir mamlakatning teng ulushi asosida barpo etiladi.

Yangi bank qarorgohi Shanxayda joylashadi va uning birinchi prezidenti Hindistondan bo‘ladi.

Braziliyaning Fortaleza shahridagi sammitni kuzatgan BBC muxbiri Keti Uotson aytishicha, so‘nggi daqiqagacha sammit koferentsiya zali mish-mishlarga to‘la edi: bir-birini raqib sifatida ko‘radigan mamlakatlar yagona bank tuzishga rozi bo‘ladilarmi yoki yo‘qmi?

Nihoyat o‘zaro kelishmovchiliklarni yengib o‘tishga qaror qilingan.

Mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy farqlarga qaramasdan, ishtirokchilar boy mamlakatlar qo‘lida Jahon Banki va Xalqaro Valyuta jamg‘armasi singari haddan ziyod qudratli institutlar borligi inobatga olinib kelishuvga erishilgan.

BRICS banki, shubhasiz, Jahon Banki va boshqa mintaqaviy moliya tashkilotlariga raqib bo‘ladi.

Bu guruhga a‘zo mamlakatlar har doim Jahon Banki va Xalqaro Valyuta jamg‘armasini rivojlanayotgan mamlakatlarga yetarli ovoz berish huquqini bermaslikda tanqid qilib keladi.

Bank dastlab o‘z faoliyatini 50 milliard dollar mablag‘ bilan boshlaydi.

Yangi bankdan ko‘zlangan maqsad, rivojlanayotgan mamlakatlarga qisqa muddatli moliyaviy ko‘mak berish, BRICS o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishni targ‘ib etish, global moliyaviy xavfsizlikni kuchaytirish kabi vazifalarni o‘z ichiga oladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002