Olmaotadagi sammit Rog‘un GESi qurilishiga yakuniy nuqtani qo‘yadimi?

Image copyright RIA Novosti

Olmaota shahrida mintaqadagi eng yirik va bahsli Rog‘un GESining qurilishi bo‘yicha beshinchi uchrashuv bo‘lib o‘tmoqda.

Unda manfaatdor va aloqador davlatlar mustaqil ekspertlar tomonidan tadqiq qilingan hisobotni tinglashadi va unga o‘z fikrlarini bildirishadi.

18 iyulgacha davom etadigan uchrashuvlar yopiq eshiklar ortida o‘tmoqda.

Uchrashuvni bevosita kuzatayotgan manbaning BBCga aytishicha, hozir Rog‘un GESi qurilishi borasida maslahatlashuvlar davom etmoqda. 18 iyulgacha manfaatdor davlatlardan kelgan delegatsiyalar mustaqil ekspertlarning xulosalarini tinglab, bevosita o‘z fikrlarini bildiradi. Taklif va e‘tirozlarni qabul qilish jarayoni 29 iyulgacha bo‘ladi. Ushbu e‘tiroz va takliflar o‘rganib chiqilgach avgust oyining oxirida yakuniy baholash hisoboti chop qilinadi. Lekin Rog‘un qurilishi mumkinligi haqidagi qarorning qachon berilishi hali noma‘lum.

Bundan oldinroq mustaqil ekspertlar guruhi Rog‘unni qurish atrof muhit va iqtisodga jiddiy zarar bermasligi va uni qurishga jiddiy to‘siq yo‘qligini aytgan. Yakuniy xulosaning berilishida ushbu baholash qanchalik rol o‘ynashi mumkin?

Jarayonni yaqindan kuzatayotgan manbaning aytishicha, yakuniy baholash xulosasini belgilash faktlarga asoslanadi va ekspertlarning xisobotlarida faktlar aks etgan. Demak bahsli GESning qurilishiga qarshi hozircha xalqaro ekspertlar jiddiy sabab ko‘rsatgani yo‘q. Albatta ushbu uchrashuvlarda daryoning quyi oqimida joylashgan va GES qurilishiga qarshi bo‘layotgan O‘zbekiston va Turkmanistonning ham e‘tirozlari yakuniy xisobotda o‘z aksini topishi kerak.

Ushbu inshoatning qurilishiga tish tirnog‘i bilan qarshi chiqayotgan O‘zbekiston zilzila oqibatida jiddiy ekologik falokatlar kelib chiqishi va suv taqsimlanishida muammolar yuzaga kelishidan xavotir bildirmoqda. Ushbu xavotirlar yakuniy qarorning berilishiga qanchalik ta‘sir qilishi mumkin?

Ushbu e‘tirozlar yakuniy baholash xisobotidan o‘rin olishi mumkin, lekin GESning qurilmasligiga yetarli asos bo‘lolmasligi taxmin qilinmoqda. Chunki mustaqil ekspertlar o‘z xisobotlarida ushbu holatlarni GES qurilishiga jiddiy to‘sqinlik qila olmasligini bildirishgan. Undan tashqari 1987 yilgi O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmaniston o‘rtasida imzolangan kelishuvga binoan Amudaryo suvi davlatlar o‘rtasida taqsimlangan. Tojikiston ushbu hujjatda ko‘rsatilgan ulushini ehtiyoj bo‘lmaganligi sabab shu vaqtgacha to‘liq olmagan. Va Rog‘un GESi qurilsa faqatgina o‘z ulushi orqali GESni 16 yilda suv bilan to‘ldirishini ma‘lum qilgan. Lekin Tojikiston o‘z ulushini olishni boshlashi bilan Amudaryo suvi kamida 10 foizga qisqarishi va bu quyida joylashgan O‘zbekiston va Turkmanistonga jiddiy muammo tug‘dirishi mumkin.

Kuzatuvchilar xalqaro ekspertlar Rog‘unning qurilishiga to‘sqinlik qiluvchi hech qanday muammo yo‘qligini e‘tirof etgan taqdirda ham O‘zbekiston uning qurilishiga tish tirnog‘i bilan qarshi bo‘lishda davom etaverishi mumkinligini taxmin qilishadi.

Bunday bo‘lishiga mamlakat prezidenti Islom Karimov o‘z chiqishlarida bir necha marotaba ishora bergan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002