Ijtimoiy minbar: Malakali kadrlari chiqib ketmasligi uchun O‘zbekiston nima qilishi kerak?

Image copyright REUTERS

Eng so‘nggi tahlillar xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston aqliy salohiyati, texnik bilim va tajribasi bor mutaxassislarini eng ko‘p yo‘qotayotgan MDH respublikalaridan biridir.

Jahonning 178 mamlakatining davlatchilik qobiliyatlarini tahlil qilgan Tashqi siyosat(Foreign Policy) jurnali va Tinchlik Jamg‘armasi(The Fund for Peace) hisobotida O‘zbekiston 10 balli tartib bo‘yicha hisoblaganda 6,6 ball to‘plagan.

O‘zining oliy ma‘lumotli mutaxassislarini, olim va texnik professionallarini deyarli yo‘qotmayotgan Avstraliya ko‘rsatkichi 0,9 ball deb topilgan.

Oxirgi yillarda tabiiy ofatlar va siyosiy beqarorliklardan jabr ko‘rib kelayotgan Haiti vaziyatiga 9,1 ball berilgan.

6,6 ball degani O‘zbekistondan "miyalar tark etishi" ko‘p sonda va ancha vaqtdan buyon davom etayotganini anglatadi.

Bu O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin ilmiy-aqliy salohiyatini muntazam yo‘qotib kelayapti deganidir.

BBC ushbu mavzuda e‘lon qilgan maqolasiga munosabat bildirgan mushtariy Bahrom Yavidov o‘zbekistonlik yadro fizikasi olimlari tajriba uchun Qozog‘istonning Olma-Ota shahriga borishlariga to‘g‘ri kelayapti, deb yozgan.

Ijtimoiy minbarimizning keyingi mavzusi - O‘zbekistondan "Aqllar sizib chiqib ketishi" haqida.

Siz nima deb o‘ylaysiz, 1970-1990 yillarda SSSRning "Sharq mash‘ali" deb atalgan, ulkan ilm-fan salohiyati yig‘ilgan O‘zbekistonda o‘sha salohiyatni saqlashning imkoni bo‘lmadi?

Olimu-intellektuallarning mamlakatni tark etishlari sababi faqat moddiyat bilan bog‘liqmi?

Siz O‘zbekistonning bugungi ilm-fan salohiyatini, xalqi savodxonligi darajasini qanday baholaysiz?

O‘zbekistonni malakali kadrlari, ilmiy izlanuvchilari tark etmasdan, aksincha, O‘zbekistonga qaytishlari uchun nimalar qilish kerak, deb o‘ylaysiz?

O‘z fikr-mulohazalaringiz va sharhlaringizni Facebook va "Odnoklassniki"dagi BBCUzbek sahifasida qoldiring!

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC Uzbek elektron pochtasidan:

Bakhrom Yavidov: Yozilgan fikrlarning ko'pchiligiga qo'shilaman. Ahvolni rostlash kerak. Issiq fizikasi bo'limi tugatildi, Yadro fizikasi institutida yoshlar ulushi juda oz. Siklotronda eksperimentlar to'xtagan, Almaty ga borib tajriba qilib kelishadi. Hozir yoshi katta fan doktorlari va fan nomzodlari birdaniga nafaqadamiz endi dam olaylik deb ishdan ketib qolishsa, ularning o'rinlarini bosadigan atigi 2-3 yosh ilmiy xodim bor xalos. Shunaqa.. Bu 20 yillik oqibat...

BBC elektron pochtasiga Dilmurod Xodjabayev yuborgan maktubdan: Ilmiy-tadqiqot institutlarining binolari olib qo‘yildi: kibernetika, adabiyot, falsafa, tarix. Matematika va kibernetika instituti umuman yo‘q qilindi.

Odnoklassniki dagi sahifasidan:

TEMURDAN:

Bir paytlar o‘qib yurganimda bir yangilikka qo‘l urgan edim. 8 oy ishlab bu yangilikni ishga tushirganman. Shunda bu yangilikni professorlar yig‘ilishiga ko‘rsatgandim. Professorlar yig‘ini buni ma‘qullab avtorlik dokumentlarini tayyorlashga ruxsat bergandi. Hammasi shundan keyin boshlandi. Mani institutdan chetlatishdi. Qo‘limdan hamma ishimni tortib olishdi. Bir amallab institutga qayta tiklanib tamomladim. Mana hozir Rossiyada ikkita ilmiy ishimni tugatdim. Bitta ilmiy ishimni yasab ishga tushurdim. Hozirda avtorlik olish arafasidaman. O‘zbekistonga qaytishni foydasi bormikan?

Nargiza Alidjanova: Korrupciya barq urib yotgan joyda yana nima bolsin? Qayerga qarama, pul, tanish-bilish... o'sha olimlarga, ziyolilarga arzigulik haq to'lanib, vaqtida hurmatlari joyiga qo'yilganda balki shunaqa bo'lmasmidi...

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002