"Chalma va tappiga innovatsion yondashish"

Image copyright none

Do‘konimda o‘tirib, zo‘r bir g‘oya kallamga keldi. Buni biznes g‘oya desa ham bo‘laveradi. Endi, gappi ochig‘i, tagi yangi g‘oya emasu lekin allaqachon amalda qo‘llana boshlagan ishga yangilik kiritmoqchiman. Men nima demoqchiman!? Demoqchimanki, "yoz yopinchig‘ing qo‘yma, qishda o‘zing bilasan", degan naqlga amal qilib shu kunlarda zo‘r berib chalma va tappi yig‘ayotgan uddaburon odamlarning ishini yanada yengil qiladigan yangi taklifni o‘rtaga tashlamoqchiman.

Xullas, bu ajoyib yangilik kallamga qanday kelganini bir boshdan aytsam. Bilasiz, hozir odamlar yozning jaziramasida duv-duv terga bosib, issiqdan nolib yuribdi. Lekin hali zamon qish-qirovli kunlar kelganida sovuqdan dildirab to‘nga o‘rangancha yana nolish boshlanadi. Buni ko‘pchilik bilmaydi, deysizmi. Biladi, ana o‘sha biladiganlar shu kunlarda qishloqma-qishloq yurib, odamlarning qo‘yxonayu molxonasidan chalma ko‘chirmoqda, dalalarda tezak va tappi yig‘moqda. Qishda mazza qilib uy isitish uchun. Gaz haqida gapirishga hojat yo‘q.

Endi bu tappi va chalmani avvallari odamlar shundog‘icha pechkaga qalagan edi, endi unga ishlov berishga o‘tishgan. Tunov kuni do‘konimga uzoq qishloqdan bir tanishim keldi, peshonasidagi terini artib bo‘lgach, qo‘yxonasidagi chalmani sotgani haqida gapirib qoldi. Aytishicha, bir shaharlik ikki nafar mardikorni yetaklab kelib ularga chalma ko‘chirtiribdi. Keyin chalma va molxonadan chiqqan tappilarni bir o‘raga tashlab, suvga pishitib, unga ko‘mirning maydasi va apilka qo‘shib, kir sovundek keladigan shaklda "g‘isht" quydiribdi. Bu g‘ishtlarning har biri qishda tilloga teng bo‘larmish. Tanishim bu uddaburonlikdan hayratga tushib gapirdi.

Xullas, ikki davangir o‘g‘li g‘irt bekorchi emish, shularni yo‘lga solib, yonuvchi g‘isht ishlab chiqarmoqchi emish. Yaxshi biznes ekan. Meni yonimga kelguncha, yo‘lma-yo‘l, qishloqma-qishloq bu biznes kelajagi haqida surishtiribdi.

Voy-bo‘y! Odamlar allaqachon ancha ilgarilab ketgan ekan. Dalalarda tezak yig‘iladigan maydonlarning ham o‘z xo‘jayini bor emish. Birovni qo‘yxonasidagi chalmaga ega chiqqanlar esa son-sanoqsiz. Bu biznesda raqobat kuchli ekan. Tanishim ham anoyi emas, bir ish qiladigan bo‘lsa, astoydil yeng shimarib kirishadi. Xullas, u mini-g‘isht zavod sotib olgani Toshkentga kelibdi. Xohlasa, qurilishga xom g‘isht, xohlasa, tappi va chalmadan yonuvchi g‘isht tayyorlaydi. Mendan maslahat olmoqchi...

Endi men nima derdim!? Qandingni ur deymanda. Lokin ikkovimiz ko‘k choyni po‘rillatib ichib turganimizda kallamga ajoyib fikr keldi.

Tanishimdan apilka va ko‘mir kukuni qo‘shilgan tezak-g‘isht yaxshi yonadimi, deb so‘radim.

"Endi boshlanishida rosa oppoq tutun haydab burqsiydi, bir qizib olganidan keyin yaxshi yonib ketadi", deydi u.

Ha ana, hamma gap mana shu yerda. Qaysidir benzinga qandaydir modda qo‘shib yonuvchanligini oshiradi deb eshitganim bor edi. Demak, tezak-g‘ishtga ham qandaydir kimyoviy modda qo‘shilsa yonuvchanligi oshadi, pechkadan burqsib tutun chiqmasdi shunda. Bizda nima ko‘p, kimyo zavodlari ko‘p, surishtirilsa, shulardan bittasida arzonroq shunaqa modda ishlab chiqarsa bo‘ladi. Bu moddani sotuvga chiqarib, mini g‘isht zavo‘dlarda yonuvchan g‘isht ishlab chiqarish keng yo‘lga qo‘yilsa, olam guliston, qancha-qancha mevali daraxtlar kesilib ketishining oldini olgan bo‘lamiz.

Xullas, hozir boshim qotib turibdi, bu yangi g‘oyani kimga yo‘llasam ekan deb. Axir bu an‘anaviy yoqilg‘i manbalaridan foydalanishda innovatsion tajriba qo‘llash emasmi!? Biznes rejamni "Chalma va tappiga innovatsion yondashish" deb atasam ekanmi...

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002