Qafasga solib sud qilishgani uchun 16000 Yevro jarima

Image copyright AFP

Inson huquqlari bo‘yicha Ovro‘po mahkamasi ikki Rossiya fuqarosining shikoyati ustidan ularga 16000 Yevro tovon puli to‘lash haqida qaror chiqargan.

Rossiya fuqarolari Aleksandr Svinarenko va Valentin Slyadnev Ovro‘po mahkamasiga o‘zlarining ustidan mahkama jarayoni payti temir qafas ichiga solib qo‘yilganlaridan norozi bo‘lganlar.

Inson huquqlari bo‘yicha Ovro‘po mahkamasi qaroriga ko‘ra, Rossiyadagi mahkama majlislari payti gumondor yoki ayblanuvchini temir qafas ichiga solib qo‘yish o‘sha insonni tahqirlash hisoblanadi.

Inson haqlari Ovro‘po Konventsiyasiga ko‘ra, hech kimning qadrini yerga urish yoki tahqirlash mumkin emas.

Aleksandr Svinarenko 2002 yilda, Valentin Slyadnevni esa 2003 yilda Rossiyada hibsga olishgan.

Ular ikkovini ham uyushgan jinoiy guruh tuzish, qaroqchilik, tovlamachilik va boshqa bandlarda aybdor deb topib, turli yillik qamoq jazolariga hukm etganlar.

Aleksandr Svinarenko hozir Murmansk viloyatida qamoqxonada saqlanmoqda.

Valentin Slyadnev esa Magadan viloyatidagi erkin harakatlanish mumkin bo‘lgan koloniyada saqlanayotgani xabar qilingan.

Aleksandr Svinarenko va Valentin Slyadnev Ovro‘po mahkamasiga 2008 yilda shikoyat bilan murojaat qilganlar.

"Mahkama qaror qiladiki, ariza topshiruvchilarni mahkama muhokamasi paytida hech qanday vaj bilan oqlab bo‘lmaydigan metall qafasda saqlash ularning qadrini tahqirlaydigan muomala bo‘lgan", deb yozilgan Inson huquqlari bo‘yicha Ovro‘po mahkamasi qarorida.

Ovro‘po mahkamasi qaroriga ko‘ra, Rossiya davlati inson haqlari bo‘yicha Ovro‘po Konventsiyasining ikki bandini buzgan.

Birinchisi 3-band bo‘lib, unda "qiynoq va noinsoniy yoki inson qadrini tahqirlaydigan muomala yoki jazo taqiqlangan".

Keyngisi 6-band, unda "mahkama ishini aqlga muvofiq muddat ichida adolatli ko‘rib chiqish huquqi"ga taalluqli bo‘lgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002