Kiyev Rossiyani ukrain uchog‘ini urib tushirishda aybladi

Image copyright Reuters
Image caption Ukraina armiyasi mamlakat sharqida bo‘lginchilarga qarshi harbiy amaliyot olib bormoqda

Ukraina Milliy xavfsizlik kengashining vakili, Andrey Lisenkoning ma‘lum qilishicha, chorshanba kuni kechqurun Rossiyaga tegishli uchoq Ukrainaning Su-25 qiruvchi uchog‘ini urib tushirgan.

"16 iyul soat 19 larda Rossiya tomonidan navbatdagi ig‘vo amali amalga oshirildi. Rossiya Federatsiyasining harbiy uchog‘i Ukraina hududida vazifa bajarayotgan qurolli kuchlarning SU-25 uchog‘iga qarata raketa zarbasini berdi", - deb bayonot bergan Andrey Lysenko.

"Bizning uchog‘imiz urib tushirildi, katapulta vositasida omon qolgan uchuvchi harbiylar yordamida xavfsizlik joyga olib ketildi. U jarohat olmagan", - deya ilova qilgan u.

Xabarlarga ko‘ra, Ukrainaga tegishli qiruvchi uchoq mamlakat havo hududida harbiy vazifasini bajarayotgan bo‘lgan.

Ukraina Milliy xavfsizlik kengashining vakili, shuningdek Rossiya armiyasini ukraina mavqelarini "Grad" o‘tochar tizim vositasida nishonga olishda ayblagan.

Chorshanba kuni havaskor tasvirchi tomonidan olingan videodan ukrain uchog‘ining sharqiy Lugansk viloyatida urib tushirilgani ma‘lum bo‘ladi.

Isyonchilar chorshanba kuni Su-25 harbiy uchog‘ini urib tushirganliklarini aytganlar.

Bo‘lginchilar qo‘mondoni Igor "Strelkov" Girkinning aytishicha, uchoq Marvinka chegara o‘tish nuqtasidagi janglar paytida urib tushirilgan.

Ukraina rasmiylari avvalroq Rossiyani transport uchog‘ini urib tushirishda ayblagan edilar.

An-26 rusumli uchoq dushanba kuni sharqiy Ukrainada urib tushirilgan.

Ukrain rasmiylari da‘avo qilishicha, bo‘lginchilarda 4 ming metr balandlikda uchayotgan uchoqni urib tushirish uchun yetarli harbiy uskunalar yo‘q.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002