Isroil G‘azoga quruqlikdagi amaliyotlarini boshlagan

Image copyright Other
Image caption Isroil tanklari payshanba kuni G‘azoga kirgan

Hamasga qarshi mo‘ljaldagi hujumni berish uchun armiya va tanklar G‘azo bo‘lgasiga yo‘naltirildi, deb aytgan Isroil.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu tomonlar o‘rtasida bir necha kunlik raketa hujumlari ortidan G‘azoga qo‘shin kiritishga buyruq bergan.

Hamas matbuot voizi Isroil o‘z harakatlari uchun qimmat to‘lashiga to‘g‘ri kelishini ta‘kidladi.

Ayni vaqtda G‘azodan qurbonlar haqida yangi xabarlar kelmoqda. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, quruqlikdagi hujumlar boshlangan bir kun ichida 24 falastinlik o‘ldirilgan, 200 nafari yaralangan.

Qurbonlar orasida 5 oylik chaqaloq ham bor, degan shifokorlar. Isroil bir vaqtning o‘zida 14 jangarini yakson qilishga muvaffaq bo‘lganini aytmoqda.

Shu bilan birga, Isroil bir askarini yo‘qotib, ikki haftalik hujumlari natijasida ilk qurbonini bergan.

Image copyright Reuters

Isroilning 8 iyulda boshlagan havo hujumlari 258 falastinlikning umriga zomin bo‘ldi, o‘ldirilganlarning to‘rtdan uch qismi tinch fuqarolardir, deb xabar beradi Falastin rasmiylari.

Og‘ir to‘qnashuvlar

Isroil harbiylari ta‘kidlashicha, Hamas kelishuvni rad qilganidan so‘ng, yerdagi harbiy amaliyotlarni boshlashga qaror qilingan.

Biroq Hamasning qurolli o‘ng qanoti kelishuv borasida rasman murojaatni olmaganini aytadi.

G‘azodagi BBC muxbiri Pol Adamsga ko‘ra, quruqlikdagi harbiy amaliyotlar borasida to‘liq tafsilotlarni olish qiyin. Shuningdek, hali Isroil keng miqyosdagi amaliyotlarini boshlagan emas, deydi BBC muxbiri.

G‘azoning shimol va janubi bir vaqtning o‘zida havodan kuchli hujumga tutilgan. Isroil harbiysiga ko‘ra, armiya kuchlari chegaradagi yerosti yo‘lini yakson qilishga erishganlar.

Uning aytishicha, armiya aholi kam shimoliy hududda turibdi. Harbiylar ichkariga harakat qilishdan oldin ichimlik suvi tekshirishmoqda va armiya uchun xavfsizlik darajasini chamalashmoqda.

Lekin Bosh vazir Netanyaxu janoblari Hamasga kuchli zarba berish maqsadida aholi gavjum tumanlarga kirishga qaror bergan. Bu tinch aholi uchun yana fojeali oqibatlarga olib kelishi ehtimolini kuchaytiradi.

Isroil yangi amaliyotlar uchun payshanba kechqurun zahiradagi 18 ming askarni jalb qilishini aytdi.

Hamas rahbari Xolid Mash‘al Isroilning yerdagi harakatlarini barbod etishga va‘da qilmoqda.

Image copyright Reuters

"Bosqinchi Isroil havo va dengiz orqali amaliyotlari orqali niyatiga erisholmagan ekan, yerdagi harakatlari bilan ham maqsadiga yetolmaydi", deydi Hamas rahbari.

Falastin Prezidenti Mahmud Abbos yerdagi reydlar katta qon to‘kilishlarga olib kelishidan ogohlantirib, Isroilni harakatlarni to‘xtatishga chaqirdi.

Yaqindagina milliy birlikka kelishgan FATX va Hamas rahbarlari Qohirada Misr rasmiylari bilan uchrashganlar.

Tomonlar kelishuv shartlarini muhokama etishlari kutiladi.

Bundan oldin Isroil falastinliklar oziq-ovqat, dori-darmon g‘amlab olishlari uchun qisqa muddat o‘t ochishni to‘xtatdi. Kelishuv besh soat davom etgan.

Isroil 8 iyuldan beri G‘azoga 1960 hujumni amalga oshirgan, falastin jangarilari 1380 raketa uchirganlar.

BMT hisobicha, G‘azoda 1370 uy butkul vayron etilgan, 18 mingdan ortiq inson uylarini tashlab chiqqan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002