"Bo‘lginchilar Malayziya uchog‘i qulab tushgan joyga kirishga imkon beradi"

Image copyright Reuters

Ukraina sharqidagi rossiyaparast bo‘lginchilar xalqaro tekshiruvchilarning "Malayziya Havo yo‘llari"ga tegishli uchoq halokatga uchragan hududga kirishlariga izn berishadi.

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining aytishicha, isyonkorlar mintaqada xavfsizlikni saqlash va jasadlarni topishga imkon yaratishga va‘da qilishgan.

Bo‘lginchilar bunga OXHT, Ukraina va Rossiya yuqori martabali vakillari bilan video orqali o‘tkazilgan yig‘in ortidan rozi bo‘lishgan.

Bordida 298 kishini olib ketayotgan samolyot payshanba kuni bo‘lginchilar nazoratidagi mintaqaga qulab tushgandi.

Ukraina hodisa joyini "uchish mumkin bo‘lmagan hudud" deya e‘lon qilgan.

Boshqa havo yo‘llari shirkatlari esa, Ukraina sharqini chetlab o‘tuvchi parvoz yo‘llarini ko‘rib chiqishayotganini bildirishgan.

Fojeiy reys MH17: Halokat sathidan fotoreportaj

Uchoqda kimlar bo‘lgan?

Ukraina ichki qarama-qarshiliklaridagi tomonlar bir-birlarini yo‘lovchi uchoqni raketa vositasida urib tushirishda ayblashgan.

"Boing-777" uchog‘i Amsterdamdan Kuala-Lumpurga parvoz qilayotgan bo‘lgan. Samolyot Lugansk mintaqasidagi "Krasny Luch" va qo‘shni Donetskning "Shaxtarsk" shaharlari o‘rtasida qulab tushgan.

"Malayziya Havo yo‘llari" shirkatiga ko‘ra, parvoz nomi MH17 bo‘lgan uchoqdagi yo‘lovchilarning kamida 154 nafari Xollandiya, 27 nafari Avstraliya, 43 nafari Malayziya (jumladan, 5 nafari ekipaj xodimlari) 12 nafari Indoneziya va 9 nafari Britaniya fuqarolari bo‘lishgan.

Qolgan yo‘lovchilar Olmoniya, Belgiya, Filippin va Kanadadan ekani qo‘shimcha qilinadi.

"Malayziya Havo yo‘llari" joriy yil ikkinchi bor yirik halokatdan jabr ko‘rmoqda.

Parvoz raqami MH370 bo‘lgan uchoq o‘tgan mart oyi Malayziyadan Xitoyga ketish yo‘lida bedarak yo‘qolgan va hanuzgachada topilmagan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002