O‘zbekistonda atom eyektrostantsiyasini qurish imkonlimi?

Image copyright AFP

O‘zbekistondagi qator Internet axborot sahifalarida aytilishicha, hukumat mamlakatda atom elektr stantsiyasini qurish loyihasini ko‘rib chiqmoqda.

Ushbu xabarlar rasmiy manbalardan tasdiqlanmagan, lekin maqolalarda atom elektrostantsiyasini qurishning ehtimoliy yeridan tortib, loyihani amalga oshirishda hamkorlik qilishi mumkin bo‘lgan mamlakatlargacha tilga olingan.

Shu vaqtgacha Markaziy Osiyoda faqatgina Qozog‘istonda atom elektrostantsiyasini qurish loryihasiga qo‘l urilgandi.

O‘zbekistonda buni amalga oshirish ne qadar real?

Qirg‘izistonlik yadro fizikasi sohasi sobiq mutaxassisi Kuban Abdimenning aytishicha, O‘zbkistonda atom elektr stantsiyasini qurish imkonlari bor, lekin bu yo‘lda to‘siqlar ham talaygina.

Kuban Abdimen: O‘zbekistonda bu kabi loyihani amalga oshirish ne qadar real degan masalaga ikki asosdan yodoshish kerak. Binichidan, ne qadar imkonli va boshqa tomondan qanday to‘siqlar bor degan ma‘noda. Mening fikrimcha, atom elektrostantsiyasini O‘zbekistonda qurish imkoniyatlari bor. O‘zbekiston iqtsiodi anchayin yirik, xorijiy sarmoyani jalb qila oladigan mamlakat. Ya‘ni mablag‘ topish mumkin. Boshqa tomondan yadroviy yoqilg‘i masalasi. Bu ham u yerda mavjud. Uran yetarli darajada bor, uni qayta ishlab elektr stantsiya uchun yoqilg‘i sifatida ishlatish mumkin. To‘siqlarga kelsak, O‘zbkiston mintaqada aholi eng zich yashaydigan mamlakat. Mintaqa aholsining deyarli yarmi u yerda yashaydi. Atom elektrostantsiyasida biron kor-hol yuz bergudek bo‘lsa, fojeaga olib kelishi mumkin. Yana bir to‘siq zamonaviy texnologiyalarga erishish. Lekin bu kabi texnologiyaga erishilgan holatda ham uni amalga oshirib, faoliyatini yuritadigan mahalliy mutaxassislar yo‘q.

BBC: Lekin O‘zbekistonda atom energiyasiga ehtiyoj ne qadar katta?

Kuban Abdimen: Fikrimcha, bu kabi energiyaga O‘zbekistonda ehtiyoj u qadar katta emas. Mamlakatda boshqa energiya manbalari anchayin ko‘p, masalan gaz va neft. Shuning uchun atom elektrostantsiyasini qurish u qadar dolzarb masala emas, deb hisoblayman. Ya‘ni imkon bor, lekin ehtiyoj u qadar katta emas.

BBC: Lekin O‘zbekistonda oxirgi yillarda energiya taqchilligi anchayin keskin tus olgani aytiladi. Deyarli hamma hududlarda elektr energiyasi tez-tez uzib qo‘yiladi. Avval gaz bilan ta‘minlangan hudularga hozirda gaz bormayapti. Shuning uchun balki bu kabi loyihaga ehtiyoj kattadir?

Kuban Abdimen: Ha men ham bundan xabardorman. Lekin mening tushunishimcha bu holat energiya manbalarining yetishmovchiligi tufayli emas, ularni noto‘g‘ri sarf qilish bois ro‘y bermoqda. Boshqa tomondan ulkan zaxiralarga ega O‘zbekiston ularni xorijga ham eksport qilmoqda. Agarda bu zaxiralar oqilona ishlatilganda menimcha aholini ta‘minlash uchun yetarli bo‘lardi.

BBC: Yaponiyaning Fukushima atom elektrstantsiyasidagi fojeadan so‘ng bu kabi loyihalarga munsoabat dunyo bo‘ylab o‘ta ehtiyotkor. Ulardan voz kechayotgan mamlakatlar ham bor. Ana shu manzarada atom elektrostantsiyasini qurish ne qadar oqlangan?

Kuban Abdimen: Mening shaxsiy fikrim, yuqorida keltirilgan omillar tufayli atom elektrostantsiyasini aholi zich yashaydigan yerlarda qurishning oqibatlari anchayin xavfli bo‘lishi mumkin. Siz misol qilib keltirgan Yaponiyada atom energiyasidan foydalanishni 30 foizga qisqartirishdi. Bu tamoyil jahon bo‘ylab davom etadi, deb o‘ylayman. Agarda O‘zbekistonning energiyaga ehtiyoji juda katta bo‘lsa, balkim oqlangan bo‘lardi. Lekin hozirda bu kabi loyihani oqlash darjasidagi ehtiyoj yo‘q deb o‘ylayman.

BBC: Texnologiya masalasini ko‘tardingiz. Bu kabi texnolgiyaga ega bo‘lgan mamlakatlar O‘zbekistonga taqdim qilishga tayyor bo‘ladi, deb o‘ylaysizmi?

Kuban Abdimen: Buyog‘i endi geopolitik masala. Agar bu G‘arb manfaatlariga javob bersa, balkim ular taqdim qilishga tayyor bo‘lishar. O‘zbkistonning g‘arb bilan munosabatlari yaxshilanayotgan bo‘lishi mumkin, lekin zamonaviy texnologiyalarni bo‘lishish darajasida yaxshi, deb o‘ylamayman. Bundan tashqari Afg‘onistondagi hodisalar tufayli O‘zbekiston hududiy jihatdan qaltis yerda joylashgan. Vaziyatning keskin o‘zgarishi ehtimolini nazarda tutib, g‘arb mamlakatlari texnologiyalarni taqdim etishga boradilar, deb o‘ylamayman.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002