O‘zbekiston: musulmonlar ustidan nazorat kuchaygan

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekiston adliya vazirligi mamlakatdagi diniy tashkilotlarning davlatdan butunlay mustaqilligini aytgan.

12news.uz nashrining vazirlik boshqarma boshlig‘i Xudoyor Meliyevdan iqtibos keltirishicha, davlatning din va vijdon erkinligi borasidagi siyosati Inson Huquqlari Umumjahon Dekalaratsiyasi hamda Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro pakt tamoyillariga asoslangan.

Ayni paytda mulozimga ko‘ra, O‘zbekistonda diniy tashkilotlar soni 2230 taga yetgan.

Ammo adliya vazirligi mulozimi masjidlar sonining qancha ekaniga aniqlik kiritmagan.

O‘zbekiston hukumati bergan ma‘lumotga ko‘ra, 2012 yilda mamlakatda 2050 ta davlat ro‘yxatidan o‘tgan masjid faoliyat ko‘rsatgan.

O‘tgan juma Prezident Islom Karimov Toshkent markazida barpo etilayotgan "Minor" masjidi qurilishini borib ko‘rgan.

2000 dan ortiq kishiga mo‘ljallangan ushbu masjid so‘nggi 20 yilda qurilgan birinchi yirik masjiddir.

Mintaqaning eng yirik musulmon aholisiga ega 31 millionlik O‘zbekistonda masjidlar soni qo‘shni Qozog‘istondagidan kam.

O‘zbekiston hukumati fuqarolarning diniy erkinliklarini cheklayotgani uchun tanqid qilib kelinadi.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, mamlakat qamoqxonalaridagi minglab siyosiy mahbuslarning aksariyat ko‘pchiligi diniy e‘tiqodi uchun mahkum etilganlardir.

Mustaqillikdan so‘ng dinga nisbatan erkinliklar berilgan bo‘lsa-da, xususan, Islom ustidan nazoratning sho‘ro davridagi usullari saqlanib qolgan.

Mustaqil huquq faoli Sur‘at Ikromovning aytishicha, O‘zbekistonda davlatning dinga aralashuvi sho‘ro davridagidan ko‘ra ham kuchaygan.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02