Iroq: raqib guruhlar o'rtasida kiber urush avj olmoqda

Image copyright BBC World Service
Image caption Josuslik ma‘lumoti to‘plash uchun Iroqdagi mahalliy guruhlar raqib guruhlarni virusli programmalardan hadafga olmoqdalar

Internet xavfsizligi bilan shug‘ullanuvchi shirkatlar o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, Iroqda qurolli mojaro barobarida kiber-urush ham avj olmoqda.

Ijtimoiy mediadan o‘z tarafdorlarini namoyishga to‘plash va tashviqot maqsadlarida foydalanayotgan ba‘zi guruhlar josuslik ma‘lumotlarini to‘plash uchun xakerlarni ishga yollamoqda.

Mashhur internet hujumi programmalari Iroqdagi yo‘llar va boshqa tizimlarni ishdan chiqarishga yo‘naltirilmoqda.

Kiber-o‘g‘rilar shuningdek odamlarni pistirmaga tushirish uchun soxta SMSlarni yubormoqdalar.

"Mahalliy mojaro"

Josuslik ma‘lumoti to‘plash uchun Iroqdagi mahalliy guruhlar raqib guruhlarni virusli programmalardan hadafga olmoqdalar," - deydi Intel Crawler internet xavfsizligini ta‘minlash shirkatining boshlig‘i Andryu Komarov.

"Muallif kim ekanini aniqlash juda mushkul, chunki ba‘zi virus o‘rnatilgan programmalar ijtimoiy manbalardan keladi," - deydi janob Komarov. - "Biroq, ularning bari xorijdan emas, balki Iroq ichidan kelayotgani shundoq ko‘rinib turadi. Bu ichki kiber-urush boshlanayotganiga dalolat."

"Njrat" deb atalgan virusli programmalardan biri ba‘zi guruhlarga masofadan turib mashinalarni idora etish imkonini beradigan tarmoqlarni yaratish imkonini bergan.

"Njrat" virusi yuqtirilgan kompyuterlarrdan hujumchilar fayllarni o‘g‘irlashmoqda yoki atrofda nima bo‘layotganini bilish uchun kompyuter kamera va mikrofonlaridan foydalanmoqdalar.

Bu hujumlar boshqa mamlakatlarda foydalanilgan o‘xshash virusli programmalardan farq qiladi, deydi janob Komarov.

Unga ko‘ra, kompyuterni virusga to‘ldirish o‘rniga Iroqdagi xakerlar ma‘lum bir shaharlar, guruhlar va hattoki oialalarni nishonga olmoqdalar.

"Hujumlarning hammasi aniq hadafga ega va ko‘p hollarda mahalliy raqib guruhlarga qarshi qaratilgan," - deydi janob Komarov. - "Hujumchilar ehtimoliy qurbonlarning kompyuterlarini ijtimoiy media orqali virusga to‘ldirishadi".

Hujumlarning aksari asosan to‘rtta shahar - Bag‘dod, Basra, Mosul va Erbilda kuzatiladi.

"Bu ishni qilishdan maqsad mahalliy raqib guruhlar, muxolifat partiyalari yoki hukumatga qarshi ma‘lumot to‘plashdir," - deydi u.

Intel Crawler mazkur ma‘lumotni Iroq kiber fazosidagi faoliyatni kuzatish asnosida to‘plagan.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02