Rossiyadan deportatsiya qilingan ayolning bolasiga nima bo‘ladi?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Image caption Kichik Anastasiya hozircha onasiz qolgan

Rossiyada yashab kelgan va u yerda Rossiya fuqarosi bo‘lgan erkak bilan farzand ko‘rgan o‘zbekistonlik ayol endi Rossiya Federatsiyasi hududiga kiritilmayapti.

Hali ikki yoshga to‘lmagan qizchasi esa avvaliga o‘zbek qo‘shnisi, so‘ngra otasining qo‘lida qolib ketgan.

Andijonlik 38 yoshli Hilolaxon Kamolova nima uchun Rossiyaga qaytib kiritilmayotganini bilmaydi. Unga Qozog‘iston chegarasida Rossiyaga kiritilmasligi borasida bildirish topshirilgan.

Hilolaxonning aytishicha, xozirda u bilan birga yashamaydigan sobiq rus qallig‘i farzandni unga topshirishga tayyor, lekin buning uchun uning o‘zi Rossiyaga kelishini istaydi.

Hujjatlarga binoan, qizaloq otaning nomiga rasmiylashtirilgan, biroq ayri uyda onasi bilan yashab kelayotgan edi.

Odatda xalqaro va ichki qonunlar farzand farovonligi nuqtai nazaridan kelib chiqib, ona foydasiga ishni hal qiladi.

Bu ishda Rossiyaga kiritmaslik bo‘yicha qaror qabul qilingan, lekin uning ortidan kelib chiqayotgan muammolar, xususan farzandning onasiz qolishi hisobga olinmagan.

Bunday muammoni qanday hal qilish mumkin? Rossiya fuqarosi bo‘lmagan ona deportatsiya qilinsa, farzandiga nima bo‘ladi? BBC Rossiyada muhojirlarga huquqiy yordam ko‘rsatuvchi "Grajdanskoye sodeystviye" qo‘mitasi raisi Svetlana Gannushkinaga bog‘landi.

Gannushkina: Avvalo, ota va ona bu muammoni o‘zaro kelishib hal qilib olsalar, to‘g‘ri ish bo‘ladi. Lekin, buning uchun ular yuzma-yuz uchrashishlari kerak. Va ular farzand qayerda bo‘lsa, o‘sha yerda, ya‘ni Rossiya Federatsiyasi hududida uchrashishlari kerak. Afsuski, joriy yilning boshida Rossiyaga kirib-chiqish borasidagi qonunning 26 va 27-moddalariga qator o‘zgartirishlar kiritildi. Bu o‘zgarishlarga binoan, o‘ta beozor bir qonunbuzarlik uchun ham sizga avtomatik ravishda Rossiya hududiga kirishni man qilishlari mumkin. Bu qonunga binoan, chegarachilar nazoratidagi ma‘lumotlar bazasiga, masalan, qandaydir odam Rossiyada 30 kundan ortiq qolgani va registratsiyasi bo‘lmagani haqida ma‘lumot kelib tushadi. Bu odamga hech kim hech qanday ogohlantirish bermaydi va u xorijga chiqib, Rossiyaga qaytib kirishga shaylangan vaqti, avtomatik tarzda ma‘lumotlar bazasidagi ma‘lumot qalqib chiqadi va u Rossiyaga kiritilmaydi. Mana menga murojaat qilgan yana bir oilaning ishi oldimda yotibdi, unga ko‘ra, ota ikki farzandi bilan Rossiyaga kiritilgan, onaga esa kirishga ruxsat berilmagan. Bu ona ham O‘zbekiston fuqarosi. Biz bu "zapret"ni ikki oydirki bekor qildirishga urinayapmiz, huddi bir yomon kasalni davolashdek ish bo‘layapti bu.

BBC: Rossiyaga kirib-chiqish haqidagi qonunda otasi yo onasi mamlakatga kiritilmagan bolalar taqdiri nima bo‘lishi haqida aniqlik kiritilganmi?

Gannushkina: Yo‘q, bu haqida umuman gap yo‘q. Butun dahshatli tarafi shundaki, man qilinish ortidan qanday sharoitlar yuzaga kelib chiqishi umuman hisobga olinmagan. Chunki, qarorni odam emas, ma‘lumotlar bazasi, ya‘ni kompyuter qabul qiladi. Rossiyaga kiritilmaslik borasidagi qarorni faqat sud bekor qilishi mumkin. Agar, siz aytgan ishga qaralsa, ona hozirda O‘zbekistonda, shunday ekan, uning uchun Rossiyada o‘ziga vakil yollab, sudga murojaat qilish juda-juda qiyin. Bu vakilning qo‘lida hamma xujjatlar tayyor bo‘lishi kerak. Agar sud ishga yetib borsa, sud turli shart-sharoitlarni hisobga oladi, masalan Ovro‘po konventsiyasining 8-moddasini. Bu moddaga binoan, har bir insonning shaxsiy va oilaviy hayotga bo‘lgan haqqi hisobga olinishi kerak. Rossiyadagi yangi o‘zgartirishlar esa eng beozor, kichik qonunbuzarlik uchun insonni jazolashi mumkin. Kim bilsin, balki bu odam Rossiyaga kirgach, kasal bo‘lib qolgandir va vaqtida chiqib keta olmagandir. U hatto ko‘cha harakati qoidalarini buzsa ham, bo‘lmag‘ur bir narsa uchun ma‘lumotlar bazasiga tushib qolishi mumkin. Buni men fojeali bir vaziyat deb tasvirlagan bo‘lardim. Yana bir jihatni ta‘kidlab o‘tmoqchi edim. 26-moddada "Rossiyaga kirishi man qilinishi MUMKIN" deyiladi. Lekin, kompter mumkin yo mumkin emas deb fikr yuritib o‘tirmaydi, taqataq kirishni man qilib qo‘yadi.

BBC: Kirishi man qilingan xorijlik fuqaro sud orqali o‘z masalasini hal qilishiga qancha vaqt ketadi? Har qalay bu yerda go‘dak onadan ajralib qolgan...

Gannushkina: Bu juda ham qiyin va o‘ta uzoq vaqt oladi. Federal Migratsiya xizmati o‘sha "zapret"ni olib tashlashi uchun oylab vaqt ketishi mumkin. Agar bu "zapret" olib tashlansa, bu fuqaro yana 1,5 oy Rossiyaga kira olmaydi. Bu qonun dastidan turli kasalliklarga chalingan odamlar, saraton bilan og‘rigan bolalar ham jabr chekayapti. Shuning uchun, bu qonunlarni men fojeali deb tasvirlayman. Siz ko‘tarayotgan ish bo‘yicha, bu ishning barcha jihatlari o‘rganib chiqilishi kerak, lekin qanday bo‘lmasin, hali ikki yoshiga ham to‘lmagan go‘dakni onasidan ayirish qabul qilib bo‘lmaydigan hol.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002