Mamlakat madaniy siyosati qanday bo‘lishi kerak?

Image copyright none

Qozog‘istonda "Qozog‘iston respublikasida siyosiy madaniyat kontseptsiyasi" deb nom berilgan davlat dasturi loyihasi muhokama qilinmoqda.

Ushbu loyiha Madaniyat vazirligi tomonidan taqdim qilingan.

Jamiyatda shu munosabat bilan boshlangan muhokamalarda madaniyat ishlariga davlat tomonidan aralashuv to‘g‘ri emasligi aytilayotganini kuzatish mumkin.

Ushbu hujjat ko‘proq milliy madaniyatni targ‘ib qilishga yoki madaniy ishlarga davlat tomonidan aralashuvga qaratilgani ham aytilmoqda.

Sho‘rolar davrida qo‘shnisi Qozog‘iston bilan deyarli bir xil muhitda yashagan O‘zbekistonda esa hukumatning madaniy ishlarga aralashuvi va nazorati kuchliligicha qolgan.

Pragada istiqomat qiladigan rassom va jurnalist Shuhrat Bobojon ushbu nazorat totalitar Sovet tuzumidan qolgan meros ekanligini ta‘kidlaydi.

"O‘zbekistonda Sovet davrida joriy qilingan an‘ana Karimov rejimi paytida davom etdi. Ya‘ni madaniyat O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi tarafidan va uning viloyat va tumanlardagi bo‘limlari tarafidan nazorat qilib turiladi", - deydi Shuhrat Bobojon.

Toshkentlik taniqli fotograf Umida Ahmedova davlat tomonidan madaniyatni rivojlantirish borasida yetarli ishlar qilinmayotganini aytadi. Keng madaniy tadbirlar sirasi deyilganda so‘nggi yillarda Gulnora Karimovaga tegishli "Fond forum" tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlar tushunilgan va prezident to‘ng‘ich qizining taqiqqa uchrashi ortidan ushbu loyihalar ham to‘xtab qolgan.

Image copyright bbc

"Hozir madaniyat ertaga nima bo‘ladi, degan savol o‘ylantiradi. Yaxshimi-yomonmi, ana shunday tadbirlar o‘tkazilib turilardi. Hozir katta madaniy tadbirlar o‘tkazilayotgani ko‘zga tashlanmaydi", - deydi Umida Ahmedova.

Ahmedovaning bildirishicha, o‘tkazilayotgan madaniy tadbirlarda real hayot o‘z aksini topmagan.

"Jiddiy nazorat bor. San‘at jamiyatda bo‘layotgan muammolarga reaktsiya bildirishi kerak. Davlat rasmiy galereyalarida jamiyatdagi odamlarning muammolarini aks ettiruvchi san‘at asarlari yo‘q. Rasmiy maydonchada yo‘q", - deydi Umida Ahmedova.

Hukumat tomonidan madaniy ishlarga haddan ziyod aralashuv va nazoratning kuchligigi o‘lkadagi ijodkorlarning ijodiga rahna solayotgani aytiladi.

"Yomon tomoni ijod erkinligini bo‘g‘ib qo‘yadi. Mana Vyacheslav Oxunov misolida olsak – bu odam O‘zbekiston san‘atini dunyoga namoyish qila olmayapti. Masalan, shu kunlarda Hamburgga borishi kerak. O‘tgan yili Londonga borishi kerak edi. Venetsiya va Turkiyaga borishi kerak edi. Borolmayapti. Qanchalik yomonligi shunda ko‘rinib turibdi", - deydi Shuhrat Bobojon.

Mahalliy matbuotda O‘zbekistonga kirib kelayotgan chet el ommaviy madaniyatiga qarshi turish kerakligi va bu borada tadbirlar o‘tkazilganligi borasida ko‘p yoziladi.

Rassom va jurnalist Shuhrat Bobojon internet va globallashuv davrida bu kabi taqiq va nazoratlar bilan sezilarli samaraga erishib bo‘lmasligini aytadi.

"Klerikal guruhlarning yoki iqtidordagi qudrat sohiblarining madaniyatni nazorat qilishi yaxshilik keltirmagan, bexayr narsa. Nazorat qilishmasin, madaniyat o‘zi rivojlanadi. Pul berishsin", - deydi Shuhrat Bobojon.

Toshkentdan fotogrof Umida Ahmedova taqiqlar o‘rniga muqobil variantini yaratish kerakligini urg‘ulaydi.

"Oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi. Globalizm degan narsa bor. To‘g‘ri Yevropada ham Amerika filmlariga qarshi kurashamiz, deb kinoteatrlarda faqat o‘zining milliy kinolarini ko‘rsatadi. Bizda ham o‘zimizning zamonaviy san‘atimiz kuchli rivojlanishi kerak. Kinolarimiz haqiqiy san‘at asari darajsiga ko‘tarilishi kerak, shunda kurashishi mumkin. Taqiqlash bu kurash emas", - deydi Umida Ahmedova.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002