Navi Pillay Isroilni urush jinoyatlaridan ogohlantirdi

Image copyright AP

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy Komissari Navi Pillay Isroilning G‘azo bo‘lgasidagi harbiy amaliyotlarini qoralagan, urush jinoyatlari sodir etilgani ehtimoldan xoli emas, deb aytgan.

Pillay xonim Jenevada chaqirilgan BMT Inson huquqlari kengashining favqulodda yig‘ilishida gapirgan.

BMT Oliy komissari so‘zlariga ko‘ra, Isroil hukumati o‘zi aytayotganidek tinch fuqarolarni himoya qilish uchun yetarli chora ko‘rmagan.

Navi Pillay Hamasni ham Isroil hududini "tartibsiz hujum"ga tutishda ayblagan.

"Xalqaro qonun poymol etilganining kuchli alomatlari mavjud, ular urush jinoyatlari sifatida ko‘rilishi mumkin", degan Pillay xonim.

Ammo Isroil tomoni BMT Inson huquqlari kengashini bir yoqlamaslikka yo‘l qo‘yayotganlikda ayblagan.

Bu, Isroilning BMT tergovi bilan hamkorlik qilishi dargumon, deganini anglatadi deya xabar qiladi Jenevadan BBC muxbiri.

Reuter axborot agentligi xabariga ko‘ra, Isroilning Adliya vaziri Tsipi Livni BMT Inson huquqlari kengashini "aksilisroil tashkilot" deb atagan.

Rasmiylarga ko‘ra, 15 kunlik janglar oqibatida kamida 649 falastinlik va 31 isroillik halok bo‘lgan.

BMTga ko‘ra, G‘azo bo‘lgasida halok bo‘lganlarning 74 foizi tinch fuqarolar bo‘lganlar, Isroil havo hujumiga tutgan inshootlar orasida tibbiyot muassasalari ham bo‘lgan.

G‘azo bo‘lgasidan muxbirlarning xabar qilishlaricha, Xan Yunis shahrida qattiq janglar bo‘lib o‘tgan.

Minglab tinch fuqarolarning hali ham xavfsiz joy qidirib yashab turgan joylarini tashlab ketishlariga to‘g‘ri kelmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002