Prezident Karimov Ravshan Ermatovni orden bilan mukofotladi

Image copyright www.uff.com

25 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning dunyoga taniqli futbol hakami Ravshan Ermatovni "El-hurmati" ordeni bilan mukofotlash haqidagi farmoni e‘lon qilingan.

"Xalqaro maydonda mamlakatimizning sport sohasidagi shon-shuhratini yuksaltirish, o‘zbek futbolining nufuzini oshirish, milliy futbol hakamlari maktabini rivojlantirish ishiga qo‘shgan munosib hissasi uchun O‘zbekiston futbol federatsiyasining xalqaro toifadagi hakami, FIFA referisi Ravshan Sayfiddinovich Ermatov "El-yurt hurmati" ordeni bilan mukofotlansin", deyiladi Prezident Karimov farmonida.

Futbol bo‘yicha Jahon chempionati kubogi musobaqalarida eng ko‘p o‘yinga hakamlik qilib rekord o‘rnatgan FIFA referisi Ravshan Ermatov va uning brigadasi a‘zolari Abduhamidullo Rasulov, qirg‘izistonlik Bahodir Qo‘chqorovlar jahonga tanildilar.

Ravshan Ermatov brigadasining o‘yinni adolat bilan boshqarishi futbol bo‘yicha jahon kubogi musobaqalarida hakamlik qilishga yo‘l ochgan.

Ravshan Ermatov, Bahodir Qo‘chqorov va Abduhamidullo Rasulov 2010 yilda Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida beshta futbol o‘yinini, 2014 yilgi Braziliyadagi chempionatda esa to‘rtta, jami to‘qqizta o‘yinni boshqarganlar.

Shu paytgacha bir hakamlar brigadasiga jahon kubogi o‘yinlarining buncha ko‘p musobaqasiga hakamlik qilish ishonib topshirilmagan.

O‘zbekiston nashrlari tarqatgan xabarlarga ko‘ra, 25 iyul kuni Toshkentda Ravshan Ermatovga "El-hurmati" ordeni" bilan birga Malibu avtomobili mukofot sifatida topshirilgan.

Ravshan Ermatovning yordamchisi Abduhamidullo Rasulovga Orlando rusumidagi avtomobil topshirilgani xabar qilingan.

Ravshan Ermatovga O‘zbekiston Futbol federatsiyasining faxriy yorlig‘i ham topshirilgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002