AQSh: Rossiya Ukraina armiyasini nishonga olmoqda

AQSh Rossiyani Ukraina janubi-sharqida rossiyaparast bo‘lginchilarga qarshi janglar olib borayotgan ukrain harbiylarining mavqe‘larini artilleriya qurollaridan hujumga tutganlikda ayblagan.

Davlat Departamenti vakili Mari Xarfning aytishicha, Amerikada "Rossiya o‘z hududidan chegaraning u tomonidagi ukrain harbiylarining mavqe‘larini nishonga olayotganiga doir ma‘lumotlar bor".

Davlat Departamentiga ko‘ra, Rossiya "bo‘lginchilarga birvarakayiga o‘t ochadigan yanada kuchliroq reaktiv tizimlarni yetkazib berishni rejalamoqda.

Vashington 17 iyul kuni Donetsk yaqinida Malayziyaning yo‘lovchi uchog‘i urib tushirilganidan buyon Rossiya chegaradan bo‘lginchilarga qurol-yarog‘ yetkazib berishni to‘xtatmagan,deb hisoblaydi.

Davlat Departamenti vakilining so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning o‘z hududidan artilleriya hujumlarini amalga oshirgani haqidagi axborot "josuslik ma‘lumotlariga asoslangan".

Qo‘shma Shtatlar Malayziyaning "Boing" yo‘lovchi uchog‘i rossiyaparast bo‘lginchilar tomonidan "Buk" zenit raketa kompleksi yordamida, aftidan, xato tufayli urib tushirilgan, deb ishonadi.

Image copyright EPA
Image caption Ukraina armiyasi "Grad" raketalariga ega emasligini aytmoqda

Rossiya Ukrainadagi qarama-qarshilikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etayotganini rad etadi, ammo g‘arb Rossiyani isyonchilarga qurol-yarog‘ yetkazib berayotganlikda ayblab keladi.

Moskva hozircha AQSh Davlat Departamentining so‘nggi bayonotiga munosabat bildirmagan.

Ayni paytda Human Rights Watch inson haqlari tashkiloti Ukraina janubi-sharqida har ikki tomon-ukrain harbiylari ham, rossiyaparast isyonchilar ham "Grad" raketa tizimidan foydalanayotgani, natijada tinch fuqarolar halok bo‘layotganini aytgan.

Tashkilotning hisobotida aytilishicha, har ikki tomon otgan raketalar zarbidan hozirga qadar kamida 16 inson halok bo‘lgan.

Avvalroq Ukraina Milliy gvardiyasi qo‘mondonligi o‘z bo‘linmalarida "Grad" raketalari yo‘qligini aytib, tinch aholi yashaydigan mavze‘larning o‘qqa tutilishida bo‘lginchilarni ayblagan.

Ukraina Ichki ishlar vazirining maslahatchisi Anton Gerashchenko Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning rossiyaparast jangarilarga "Grad" yetkazib berishga aloqasi borligi haqida ma‘lumotga ega ekanliklarini aytgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002