Rashod qori nega Hayit bayramini "xafalik bilan" nishonladi?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Dunyoning aksar musulmon mamlakatlarida dushanba kuni Islom dinidagi ikki asosiy bayramning biri - Ramazon Hayiti nishonlandi.

Jumladan, O‘zbekiston va Tojikistonda ham musulmonlar Hayit namozlarini dushanba kuni ado etishgan.

Ammo O‘zbekistonga qo‘shni Qirg‘izistonda Qirg‘iziston Diniy Boshqarmasi - muftiyatning Hayitni 29 iyul kuni nishonlash to‘g‘risida qaror e‘lon qilgan.

Qirg‘iziston muftiysining muovini Ravshan hoji Eratov BBC bilan suhbatda Diniy Boshqarma qarori olimlar bilan kengashilgan holda olinganini aytdi.

"Payg‘ambarimiz (sav) "Oyni ko‘rib ro‘zalarni boshlang, oyni ko‘rib ro‘zalaringizni to‘xtating", - degan hadislari va Qirg‘iziston musulmon olimlari kengashiga asoslanib, 28 iyulda havo bulutli bo‘lgani va oy ko‘rinmagani uchun ro‘zani 30 kun o‘tkazish qarori olindi", - deb aytdi Qirg‘iziston muftiysining muovini Ravshan hoji Eratov.

Biroq, Qirg‘iziston muftiyligi qaroriga qaramasdan, qirg‘izistonlik ko‘plab musulmonlar ro‘za tutishni kecha to‘xtatishgani va Hayit namozlarini bugun ertalab o‘qishgani haqida xabarlar tarqalgan.

Musulmon mamlakatlarida Hayit kunini belgilash yuzasidan farq va chalkashlik deyarli har yili kuzatiladi.

Islomiy taqvimga muvofiq, Ramazon oyining boshi va oxiri yangi oy chiqishiga qarab belgilanadi.

Qirg‘izistondagi Qorasuv shahri masjidi imom-hatibi Rashod qori Kamolov Qirg‘iziston muftiyatining qaroriga munosabat bildirib, uni "yuz foiz xato", deb baholadi.

"Musulmonlar diniy idorasining qarori - yuz foiz xato. Shariatga to‘g‘ri kelmagan fatvoni olishdi. Chunki, Ramazon oyining boshlanishini ham, tugashini ham bir necha kun oldin yoki bir necha hafta oldin (e‘lon qilib) "mana bu kuni Ramazon, mana bu kuni Hayit" deyishlari, bu shariatimiz tarozisi bilan xato hisoblanadi", - deydi Rashod qori Kamolov.

Qorasuv imom-hatibi"...bugunga qadar Hayitni majburlik bilan, xafalik bilan" o‘tkazmaganini ilova qiladi.

Rashod qori Kamolov bilan suhbatni tinglang.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002