Xolland eskpertlari Ukrainadagi halokat sathiga safarni bekor qilishgan

Image copyright AFP

Xalqaro rasmiylarga ko‘ra, Xollandiya ekspertlari parvoz raqami MH17 bo‘lgan "Malayziya havo yo‘llari" uchog‘i halokatga uchragan hududga borish rejasini bekor qilgan.

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti safarning bekor qilinishini xavfsizlik nuqtai nazaridan deya tushuntirgan.

Ayni mintaqada rossiyaparast bo‘lginchilar va hukumat qo‘shinlari o‘rtasida janglar kechayotgani xabar qilinadi.

Avvalroq, Malayziya halokat sathiga xalqaro politsiya kuchlarini joylashtirish yuzasidan isyonkorlar bilan kelishuvga erishilganini aytgandi.

Parvoz raqami MH17 bo‘lgan uchoq 17 iyul kuni bordidagi 298 nafar odami bilan Ukraina sharqidagi isyonkorlar nazorat qilayotgan hududga qulab tushgandi.

Isyonkorlar uchoqni urib tushirganlikda ayblanadi.

Rossiya tomoni esa, uchoq Ukraina harbiylari tarafidan nishonga olingan bo‘lishi mumkinligini aytadi. Ukraina hukumati bu ayblovlarni rad etgan.

"Qabul qilib bo‘lmas xatar"

Ayni paytda Donetskda bo‘lgan tekshiruv guruhi Ukraina kuchlari va isyonkorlar o‘rtasidagi sulhga qaramay, tekshiruv hay‘ati voqea joyiga borishga imkon topa olmayapti.

"U yerda janglar bormoqda. Biz tavakkal qila olmaymiz", deb aytgan Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidan Aleksandr Xug.

"Manzilga ketish yo‘lidagi va hududning o‘zidagi xavfsizlik vaziyati qurolsiz kuzatuvchilar hay‘atimiz uchun qabul qilib bo‘lmasdir", deya qo‘shimcha qilgan u.

Sharqiy Donetsk va Lugansk viloyatlari hukumat kuchlari va isyonkorlar o‘rtasidagi qaqshatqich janglarga sahna bo‘lgan. Hukumat kuchlari isyonkorlar tayanch nuqtalari nazoratini qo‘lga olishga urinmoqda.

Yakshanba kuni Grabov shahri yaqinidagi halokat sathi yaqinida snaryadlar portlagani haqida xabarlar bor.

Tanglik

Xolland rasmiylari MH17 parvozi halokati tufayli nobud bo‘lganlar ma‘lum sondagisi jasadlari tekshirilgani va shaxslari aniqlanganini aytishgan, ammo tafsilotlarni oshkor qilishmagan.

Xollandiyaga hozirgacha jami 227 jasad yetkazilgan.

BBC muxbiriga ko‘ra, hozir isyonkorlar nazoratidagi Donetsk shahridan 30 kishidan iborat ekspertlar guruhi yo‘l olgan hodisa joyi atrofida vaziyat tarang qolmoqda.

"Isyonkorlar jurnalistlarni halokat sodir bo‘lgan joyga qo‘yishmagan va Ukraina qo‘shinlari ham yaqin-atrofda ekani aytiladi", deya qo‘shimcha qiladi u.

Xolland Adliya vazirligi voizining BBCga aytishicha, hozir mutaxassislar hay‘ati oldidagi asosiy vazifa barcha jasadlarni ortga qaytarishdir.

Malayziya bosh vaziri Najib Razzoq yakshanba kungi bayonotida Ukraina bo‘lginchilari rahbari Aleksandr Boroday bilan kelishuvga erishilganini tasdiqlagan.

Bitimga ko‘ra, xalqaro politsiya "xalqaro tekshiruvchilarni muhofaza qilishi" uchun halokat sathiga borishiga ruxsat beriladi.

Ayni paytda Xollandiya va Avstraliya Ukraina parlamentidan hodisa joyiga xalqaro politsiya kuchlari joylashtirilishiga izn kutmoqda.

Qo‘shma Shtatlar yo‘lovchi uchoq isyonkorlar tarafidan Rossiya tarafidan berilgan raketa bilan, ehtimolki, yanglish urib tushirilganiga ishonishini aytgan.

Rossiya esa, Ukrainaga og‘ir qurollar jo‘natayotgani haqidagi xabarlarni rad etib keladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002